Sport maktablariga qabul jarayonlari o‘zgardi(mi?)

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 noyabrdagi “Sport sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, sport maktablariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish har yili 1 avgustdan 21 avgustga qadar amalga oshirilar edi.

Prezidentning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Xokkey sport turini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xizmatlari markazlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2024-2025 o‘quv yilidan yil davomida amalga oshirilishi belgilandi.

- Oldingi yillarda 7 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning ma’lumotlari va ularning ota-onasi tomonidan arizalar sport maktabi direktoriga taqdim etilib, sport maktabiga qabul qilinardi, - deydi viloyat sport boshqarmasi sport maktablari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Asliddin Nosirov. - Prezidentning 2022 yil 6 iyundagi “Davlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi bolalar qabul qilinmoqda.

Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yilidan o‘quvchilarni sport maktablariga qabul qilish, hujjat topshirish, sportchilarni saralash jarayonlari Sport vazirligi tomonidan ishga tushirilgan yagona elektron platforma orqali soddalashtirilib, hujjatlar onlayn va davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilinadigan bo‘ldi.

2024 yildan sport sinovlari va me’yorlaridan o‘tgan ishtirokchilar bilan birga “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan yoshlar ham sport turlari bo‘yicha to‘garaklarga qamrab olinmoqda. 

Jumladan, ayni paytda sport ta’lim muassasalarida shug‘ullanayotgan yoshlarning 3852 nafari  sport sinovlari va me’yorlaridan o‘tgan ishtirokchilar hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan yoshlar sanaladi.