Sport ta’lim muassasalarida 1 oktyabrdan o‘quv yili boshlanadi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yili joriy yili 1 oktyabrdan boshlanadi.

Sport ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonlari o‘quvchilarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning xohish-istaklaridan kelib chiqib, an’anaviy yoki onlayn (masofaviy) shaklda tashkil etiladi.

Sport ta’lim muassasalarida o‘qishni an’anaviy shaklda davom ettirish istagini bildirgan o‘quvchilarning ota-onalari (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)dan yozma rozilik talab etiladi, shuningdek, o‘quvchilarga, sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnomani taqdim etishi hamda ularning ota-onalaridan yozma rozilik olingandan so‘ng, o‘qishga kelishlariga ruxsat beriladi.

Joriy yilning 20 sentyabridan boshlab boshqa sport bazalarda (oromgoh, sanatoriya) tasdiqlangan sanitariya-gigiyena qoidalari va me’yorlariga qat’iy amal qilgan holda tegishli tashkilotlarning ruxsati bilan o‘quv-mashq yig‘inlarini tashkil etishga ruxsat etiladi.

Sport ta’lim muassasalari trener-o‘qituvchilari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan o‘quvchilarga sport mashg‘ulotlari jadvalidan kelib chiqib, sport turlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulot vazifalarini vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan videoroliklar ko‘rinishida onlayn (masofaviy) shaklda berib borish va berilgan vazifalar hamda normativlarni o‘quvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilib borish yo‘lga qo‘yilmoqda.