Past Darg‘omda Diyora Keldiyorova nomidagi sport maktabi tashkil etiladimi?
Tumanda 400 dan ziyod sport inshooti bo‘lib, shundan ikkita sport maktabi va bitta “Dinamo” professional futbol maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda sportning 26 turidan 2958 nafar, umumta’lim maktablarida 9 sport turi bo‘yicha 9800 nafar o‘g‘il-qizlar 120 nafardan ziyod murabbiy-o‘qituvchi qo‘l ostida mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Past Darg‘om tumanida bo‘lib, sport sohada amalga oshirilayotgan ishlar, sport maktablarining faoliyati bilan tanishdik.
Tuman sportchilarining 34 nafari milliy terma jamoaning asosiy, 23 nafari zaxira tarkibiga qabul qilingan bo‘lib, musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Jumladan, shu yilning o‘tgan davrida sportchilar O‘zbekiston chempionatida 167 ta, Osiyo, jahon chempionati va xalqaro musobaqalarda 28 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Olti Qahramon mahallasidagi 2-son sport maktabi direktori Farrux Xayriddinovning aytishicha, yilning o‘tgan davrida tumanda 200 dan ziyod ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilib, ularga 63 ming 607 nafar aholi jalb qilingan. Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarida 60 ming nafarga yaqin yoshlarning ishtiroki ta’minlangan.
Sport maktablariga qabul jarayonlari o‘zgargan
- Joriy yilgi o‘quv yilidan o‘quvchilarni sport maktablariga qabul qilish, hujjat topshirish, sportchilarni saralash jarayonlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, - deydi F.Xayriddinov. – Oldin 7 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning ma’lumotlari va ularning ota-onasi tomonidan arizalar sport maktabi direktoriga taqdim etilib, sport maktabiga qabul qilinardi. Sport vazirligi tomonidan ishga tushirilgan yagona elektron platforma orqali jarayon soddalashtirilib, hujjatlar onlayn va davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilinadigan bo‘ldi. Shu asosda o‘quvchilarning sport maktablariga qabul qilish yoshi ham 5 yoshdan 30 yoshgacha etib belgilangandi. Joriy yildan sport sinovlari va me’yorlaridan o‘tgan ishtirokchilar bilan birga, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan yoshlar ham sport turlari bo‘yicha to‘garaklarga qamrab olindi.
Tumandagi 1-son sport maktabiga qarashli uchta sport bazasi bor. Bular - “Olimp” suv havzasi, “TIP-1” va “TIP-2” sport majmualari. Suv havzasida 2014 yilgacha suvning o‘zi bo‘lmagan, 2021 yilgacha gaz bilan isitilgan suzish havzasi 340 million so‘mdan ziyod qarzdorlik borligi uchun gazdan uzib qo‘yilgan. Sport maktabi direktori Sohib Mamasoliyevning ma’lum qilishicha, inshootdagi muammolar shu yilda bartaraf etilib, suzish bazasiga suv chiqarilgan va isitish tizimi ham ta’mirlangan. Shuningdek, Olmazor mahallasidagi sport bazasida ham ta’mirlash ishlari olib borilgan. Biroq ushbu sport majmuasi gaz bilan isitishga mo‘ljallangan, lekin gaz yo‘q.
Sport maktabi tashkil etish uchun loyiha, joy bor, faqat...
- Qariyb 30 yildan buyon 1-son sport maktabida dzyudo bo‘yicha murabbiylik qilaman, - deydi Xurshida Xalikova. - Faoliyatim davomida O‘zbekiston, Osiyo, jahon va olimpiada chempionlari yetishtirdim. Ayniqsa, birinchi shogirdim Diyora Keldiyorova olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchi bo‘lganidan keyin dzyudo bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ko‘paydi. Biz basketbol uchun mo‘ljallangan bitta zalda taekvondo, basketbol, dzyudo va yengil atletika mashg‘ulotlarini olib boramiz. Aslida bu sport turlarining har biri uchun alohida sport bazasi bo‘lishi kerak. Mashg‘ulotlar vaqtida juda qiynalamiz, joy torlik qiladi, ovozimiz eshitilmaydi, zal va kiyinish xonalari sovuq. To‘g‘ri, bazaning isitish tizimi yangilanib, gaz bilan isitishga moslashgan, lekin gazning o‘zi yo‘q. Ko‘mir bilan isitishga moslab ta’mirlash kerak. Muassasada shug‘ullanuvchilarning aksariyati kurash va dzyudo mashg‘ulotlarida qatnashadi. Shu bois qo‘shimcha dzyudo zali yoki sport maktabi tashkil etilsa, Diyoraga o‘xshagan o‘nlab chempionlarni yetishtirish mumkin.
Tizimdagi mavjud muammolarga yechim topish va bazamizga har yilda 500 nafardan ziyod yoshlar dzyudo bilan shug‘ullanish uchun kelishini hisobga olib, “TIP-2” sport majmuasini qayta rekonstruksiya qilish orqali Diyora Keldiyorova nomidagi sport maktabi tashkil etish loyihasini ishlab chiqdik. Bu bo‘yicha Diyoraning o‘zi ham takliflarini berdi. Loyiha tuman hokimligi va viloyat sport boshqarmasiga taqdim etilgan. O‘ylaymizki, mas’ullar tumanimiz yoshlari kelajagiga befarq bo‘lmaydi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.