Samarqand shahridagi sport maktablarida qanday muammolar bor?

Samarqand shahrida to‘rtta ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasasi va ikkita sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Muassasalarda yaratilgan sharoitlar, sportchilar ko‘rsatayotgan natijalar, inshootlarining holati, tizimdagi muammo va kamchiliklarni o‘rgandik.

Dastlabki manzil shaharning Rudakiy ko‘chasida joylashgan sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi bo‘ldi. Muassasada 55 nafar trener qo‘l ostida 12 ta sport turi bo‘yicha 1248 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanmoqda. Sport maktabidan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 154 nafar sportchi qabul qilingan bo‘lib, 2024-2025 o‘quv yili davomida sportchilar 232 ta oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Ammo sport maktabida bir necha yillardan beri hal qilinmayotgan muammolar bor. Xususan, muassasaga qarashli olimpiya o‘yingohi, basketbol, gandbol, badminton va universal sport zallarida ikkita qurilish korxonasi tomonidan 2019 yildan buyon rekonstruksiya ishlari olib borilayotgandi. Loyihaga ko‘ra, ikkala quruvchi tashkilot tomonidan inshootlarda 15 milliard so‘mdan ziyod qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilishi kerak edi. Ammo jarayon to‘liq bajarilmaganligi va qurilishdagi kamchiliklar sabab ikki yil oldin to‘xtatilgan. Hozirda badminton markazi foydalanishga topshirilgan, olimpiya o‘yingohida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, maydonga chim yotqizish ishlari davom etmoqda. Biroq mana, bir necha yildirki, basketbol, gandbol va universal sport zallarida qurish-ta’mirlash ishlarini olib borish na dasturga kiritiladi, na mablag‘ ajratiladi.

Darvoqe, sport maktabida trener va sportchilarni qiynab kelayotgan yana bir muammo bor.

- Har yili abituriyentlarga test sinovi boshlanishi bilan sport bazalari va maydonlarimiz uch oy band qilinadi, - deydi sport maktabi direktori Qahramon Raupov. – Keyin esa sportchi va trenerlarimiz mashg‘ulot uchun joy izlab sarson bo‘ladi. Buning ustiga test jarayonlari davomida muassasaning elektr energiyasi va xavfsizlik tizimidan foydalaniladi, inshootlarimiz ta’mirtalab holatga kelib qoladi. Lekin yetkazilgan zararni hech kim qoplab bermaydi.

Shahardagi 1-son sport maktabida holat birmuncha yaxshi. 2419 nafar nafar yoshlar 14 ta olimpiya va 5 ta noolimpiya sport turi bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Sportchilarning 40 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi. Sport maktabiga qarashli ikkita sport bazasi bor. Muassasada asosiy muammo – 160 o‘ringa mo‘ljallangan yopiq suzish havzasi nosoz holatda. Mazkur inshoot 2022 yilda viloyatning investitsiya dasturi asosida 4,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlanishi rejalashtirilib, shu holicha qolib ketgan.

Sport maktabi direktori Shavkat Bozorovning ta’kidlashicha, suzish havzasi qurilgandan buyon to‘rt mavsum to‘liq ishlamagan. Chunki ob’yektning issiq va sovuq o‘tkazadigan izolyasiya qismi ta’mirtalab. Shu bois inshoot yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladi. Joriy yilning mart oyida sport maktabi jamoasi “Tashabbusli byudjet” dasturi asosida 1,5 milliard so‘m mablag‘ yutib olgan. Ushbu mablag‘ga sport maktabining moddiy-texnik bazasi yaxshilanib, suzish havzasining bir qismi ta’mirlanadi. Ammo suzish ob’yekti to‘rt mavsum to‘liq ishlashi uchun issiqlik va havo almashtirish tizimini ta’mirlab, uskunalar o‘rnatish kerak.

Shahardagi 2-sport maktabiga qarashli beshta sport inshooti bo‘lib, 67 nafar trener qo‘l ostida 2780 nafar o‘g‘il-qiz 25 ta sport turi bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Sportchilarning 82 nafari milliy terma jamoaga qabul qilingan va o‘tgan yilda Osiyo, jahon chempionatlari va xalqaro musobaqalarda 27 ta, O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida 224 ta medal qo‘lga kiritilgan.

- Keyingi uch yilda muassasamizga qarashli inshootlar, jumladan,  «Sartepa» futbol o‘yingohini ta’mirlash uchun mahalliy byudjetdan 4,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, - deydi sport maktabi direktori Bekzod Po‘latov. - Yaqinda ushbu maydon yo‘laklariga ham viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan 450 million so‘m mablag‘ evaziga asfalt yotqiziladigan bo‘ldi. Shuningdek, o‘tgan yili mavjud gimnastika zali ta’mirlanib, yangi gimnastika zali barpo etildi. Bundan tashqari, ketma-ket uch yildan beri “Tashabbusli byudjet” dasturida g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelyapmiz va hozirda sport inshootlarining holati yaxshi.  Maktabimizning asosiy shug‘ullanish bazasi futbol bo‘lgani uchun yaqinda “Lokomativ” o‘yingohini ham tasarrufimizga oldik. Hozirda ushbu stadion ta’mirtalab  holatda. 2004 yildan beri rekonstruksiya qilinmagan «Nafis» futbol maydoni esa sportning kamondan otish turiga moslashtirilib, Milliy gvardiya tomonidan ta’mirlanadigan bo‘ldi.

Xullas, sport maktablaridagi asosiy muammo – inshootlarning ta’mirtalabligi va sportchilar shug‘ullanayotgan sport bazalaridagi kamchiliklar bo‘lib qolmoqda. Milliy terma jamoa tarkibidagi samarqandlik sportchilarning asosiy qismi shahardagi sport maktabi tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Agar tizimdagi muammolar hal etilsa, terma jamoadagi sportchilar soni yanada ko‘payadi va bundan-da yaxshiroq natijaga erishiladi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.