Ishtixondagi bitta sport maktabining 35 nafar o‘quvchisi respublika terma jamoasi a’zosi. Tumanda chempion yoshlar ko‘paymoqda
Tumanda 496 ta sport inshooti mavjud. Shundan bittasi sport maktabi bo‘lib, unda 58 nafar trener-o‘qituvchi 19 sport turi bo‘yicha 1276 nafar o‘g‘il-qizga mashg‘ulot o‘tmoqda.
- Sportchilarimizning 35 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, - deydi tuman sport maktabi direktori Olim Sadullayev. - Asosiy tarkibda 14 nafar, zaxira tarkibda 21 nafar o‘g‘il-qiz kiritilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida sportchilarimiz jahon chempionatda 1 ta oltin, Osiyoda 1 ta kumush, 8 ta bronza, O‘zbekiston chempionati va kubogida 11 ta oltin, 14 ta kumush, 48 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Boks bo‘yicha terma jamoa tarkibida ishtixonlik sportchilarning 5 nafari faoliyat olib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tuman sportchilari respublika, Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta oltin, 2 ta kumush va 9 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
O‘tgan yil Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida ilk bor jahon chempionligini aynan ishtixonlik sportchi Nigina O‘ktamova qo‘lga kiritgan edi. Yaqinda Ispaniyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 48 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan yana bir ishtixonlik bokschi finalda hindistonlik Bavna Sharmani 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va jahon chempionligini tantana qildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.