SSSR fuqaro aviatsiyasining afsonasi: "Tu–134" samolyoti oxirgi reysini bajardi

SSSR fuqaro aviatsiyasining afsonaviy samolyotlaridan biri bo‘lgan oxirgi "Tu–134" samolyoti o‘zining oxirgi reysini bajardi.

"Alrosa" aviakompaniyasiga qarashli, Rossiyada faoliyat yuritib kelayotgan oxirgi Tu–134 samolyoti Irkutsk va Mirniy shaharlari orasidagi yo‘nalishda o‘zining oxirgi reysini bajardi.

Endi ushbu samolyot Novosibirsk shahridagi Aviatsiya va Kosmonavtika muzeyiga jo‘natiladi. Samolyot muzeyda qimmatli eksponat sifatida saqlanadi.

Irkutsk aeroporti matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro aviatsiyasida foydalanilgan ushbu so‘nggi "Tu–134" samolyoti 1980 yilda ishlab chiqarilgan va u 40 yilga yaqin muddat yo‘lovchilarga xizmat qildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu "Tu–134" samolyoti sobiq Ittifoq davrida Tupolev boshchiligidagi konstruktorlik byurosida yasalgan. "Tu" markasidagi boshqa samolyotlar ham ushbu konstruktorlik markazi mahsulidir. Ular orasida eng mashhuri "Tu–154" markadagi reaktiv samolyot hisoblanadi.