Istanbulda uchga bo‘linib ketgan samolyot bortida O‘zbekiston fuqarosi ham jarohat olgan
Mamlakatimizning Istanbul shahridagi (Turkiya) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yil 5 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 18.00 da (Toshkent vaqti bilan 20.00) Istanbul shahridagi aeroportga samolyotning qattiq qo‘nishi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi B.S. jarohatlandi. U «Medikana» klinikasi joylashtirilgan. Bu haqda TIV Konsullik-huquqiy departamenti axborot berdi.
OAV xabarlariga ko‘ra, samolyot Izmir shahridan Istanbul shahriga ichki reysni amalga oshirgan.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va hamyurtimizga yordam berish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.
Konsullik huquqiy departamenti Turkiya hududida bo‘lib turgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Anqara shahridagi Elchixonasiga (tel.: +90 312-441-17-46, +90 312-441-38-71/72) yoki Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75) murojaat qilishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, Izmirdan uchib kelgan havo kemasi Istanbulning “Sabiha Gokcen” aeroportiga qo‘ngach, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va samolyot uch qismga bo‘linib ketgan. Natijada 52 kishi jarohat olgan.