Istanbuldagi bosh konsulxona charter reyslarga chipta taklif qilayotgan tovlamachilardan ogoh bo‘lishga chaqirdi
Joriy yilning 4 avgust kuni «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining navbatdagi parvozi bilan «COVID-19» pandemiyasi davrida kuchaytirilgan cheklovlar sababli o‘z vaqtida doimiy yashash joyiga qayta olmagan 270 nafar fuqarolarimiz, shu jumladan, 5 voyaga yetmagan vatandoshimiz Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Bosh konsulxona tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida tegishli reys orqali 4 avgust kuni Istanbulning kasalxonalaridan birida vafot etgan fuqaromiz «R.M.»ning jasadini ham O‘zbekistonga yuborishga erishildi. Shu bilan birga ba’zi yo‘lovchilarning belgilangan vaqtda kelmagani sababli konsullar tomonidan qo‘shimcha 20 kishini mazkur reysdagi ro‘yxatga kiritishga erishildi. Bunda asosan homilador, ko‘p bolali va bemor fuqarolarimizga ustivorlik berildi.
Bundan tashqari, reysga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yo‘lovchilardan biri bilan bog‘liq noodatiy holat yuzaga keldi. Ushbu yo‘lovchi tahdid va shantaj qilgan holda, avval sotib olingan «Turk havo yo‘llari» aviakompaniyasining bileti bilan uchib ketishga urindi. Yangi avibilet sotib olishni rad etgani sababli yo‘lovchi uchib keta olmadi.
Reysga ro‘yxatdan o‘tganlar orasida Turkiya migratsiya qonunchiligini buzganlik sababli qolib ketganlar kuzatilmadi.
Shuningdek, ushbu parvozni tashkillashtirish jarayonida ba’zi guruhlarning parvozga navbatsiz qo‘yishni va’da qilib, O‘zbekiston fuqarolaridan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirayotgan holatlar bo‘yicha axborot kelib tushdi.
O‘rganishlar natijasida, tovlamachilar taklif qilgan biletlarning charter reysi uchun o‘tmasligi aniqlandi.
“Yuqoridagi bayonlardan kelib chiqib, muayyan to‘lovlar evaziga O‘zbekistonga yuborishni va’da qilayotgan shaxslar va firibgarlik holatlari bo‘yicha Bosh konsulxonaga ma’lumot berishingizni so‘rab qolamiz.
Shuni alohida ta’kidlashni istaymizki, Elchixona va Bosh konsulxonaning charter reyslari uchun ro‘yxatlarni shakllantirish bo‘yicha vakolat berilgan har qanday “vakillar”i yoki “ishonchli shaxslar”i mavjud emas”, deyilgan murojaatda.