Singapurdan O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslari tashkil etilmoqda
Singapurda "O‘zbekiston: sivilizatsiyalar chorrahasi" deb nomlangan keng ko‘lamli roud-shou taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekistonning yangi sayyohlik dasturlari namoyish etilgan tadbir Turizm qo‘mitasi, Milliy PR markazi va yurtimizdagi yetakchi sayyohlik kompaniyalar tomonidan uyushtirildi. Unda Singapur sayyohlik sohasining 60 dan ziyod vakillari, jumladan, turizmni targ‘ib qilish va islom turizmiga ixtisoslashgan tashkilotlar, yetakchi turoperatorlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Singapur tomonining alohida e’tibori O‘zbekistonning tarixiy, madaniy, ziyorat, qishki, gastronomik va ishbilarmonlik turizmi imkoniyatlariga qaratildi.
Roud-shou taqdimoti davomida, shuningdek, ikki davlat sayyohlik kompaniyalari vakillari o‘rtasida B2B shaklidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida singapurlik sayyohlar uchun O‘zbekistonga yangi turlarni tashkil etish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, yil oxirigacha Singapurdan O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslarini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.