Rossiyadan olib kelinayotgan 33 yoshli O‘zbekiston fuqarosi maxsus poyezdga chiqish vaqtida vafot etdi
Internetda Rossiyaning Rostov viloyati Kamensk-Shaxtinskiy shahridagi chodirli lagerda o‘zbekistonlik fuqaroning vafot etgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 2020 yil 19 sentyabr kuni o‘zbekistonliklarni maxsus poyezdga chiqarish chog‘ida yo‘lovchilardan biri – 1987 yil 13 sentyabrda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi R.J. «Lixaya» stansiyasi old tomonidagi maydonda o‘zini yomon his qila boshlagan va u tez tibbiy yordam yetib kelgunicha vafot etgan.
Mamlakatning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu fuqaro chodirli lagerda yashamagan. Sankt-Peterburg shahridan yetib kelgach, R.J. sog‘ligi yomonlashgani sababli 14 sentyabr kuni Shaxti shahri Markaziy shahar shifoxonasiga yotqizilgan va shu yerdan «Lixaya» stansiyasiga olib borilgan.
Fuqaroning koronavirus bilan kasallanganligi tasdiqlanmagan.
Tashkiliy va konsullik-huquqiy masalalar hal qilinganidan keyin marhumning jasadi charter reys orqali vatanga yuborildi, deyilgan ma’lumotda.