O‘zbekiston davlat xizmatchilari Singapurda o‘qitiladi

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Singapur Milliy universiteti tizimidagi Li Kuan Yu Davlat siyosati maktabi, shuningdek, Singapur Davlat xizmati kolleji bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.

Dastlabki kelishuvga ko‘ra, 2023 yil mobaynida 200 nafarga yaqin davlat xizmatchilari Singapurda davlat boshqaruvi, davlat siyosati, davlat xizmati, inson resurslarini boshqarish hamda xalqaro aloqalar va global muammolar yo‘nalishlarida malaka oshiradi va stajirovkadan o‘tadi.

Ma’lumot uchun: Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi dunyodagi eng yuqori nufuzga ega bo‘lgan davlat boshqaruvi maktablaridan biri bo‘lib, Osiyo pragmatizmi va G‘arb ta’limining eng ilg‘or yo‘nalishlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan.

2004 yilda tashkil etilganidan buyon butun dunyo bo‘ylab 3 500 dan ortiq lider bitiruvchilarni tayyorlab bergan.