Halollik, adolatlilik, qonuniylik… Davlat xizmatchilari uchun odob-axloq qoidalari ishlab chiqildi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Unga ko‘ra, quyidagilar davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyatini amalga oshirishdagi asosiy prinsiplar etib belgilandi:
➖ qonuniylik;
➖ adolatlilik;
➖ fuqarolarning huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
➖ vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoyilik;
➖ davlat va jamiyat manfaatlariga sadoqat;
➖ halollik va xolislik;
➖ ochiqlik va korrupsiyaga toqatsizlik;
➖ professionallik va layoqatlilik;
➖ samaradorlik va tejamkorlik.
Loyihaga muvofiq davlat xizmati uch turga bo‘linadi:
➖davlat siyosiy xizmati – Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga, deputatlar va senatorlarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy xizmat faoliyati bo‘lgan davlat xizmatining bir turi;
➖davlat fuqarolik xizmati – O‘zbekiston fuqarolarining davlat organlaridagi davlat fuqarolik lavozimlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishga qaratilgan hamda haq to‘lanadigan kasbiy faoliyatini nazarda tutuvchi davlat xizmatining bir turi;
➖davlat maxsus xizmati – O‘zbekiston Qurolli kuchlaridagi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi hamda sud organlaridagi yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish.
Mazkur loyiha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqarilgan.