Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalari: U nimalardan iborat?
Viloyat hokimligida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi O‘ktam Hamroyevlar davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, ularning kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish kabi masalalar xususida so‘z yuritdi.
- Davlat fuqarolik xizmatchilari kasb etikasi, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik, halollik va xolislik prinsiplariga qat’iy rioya etishi shart, - dedi O‘.Hamroyev. - Ayniqsa, rahbar va xodim, rahbar va oddiy fuqarolar o‘rtasida odob-axloq, hurmat, ishonch, samimiyat va adolat tamoyillariga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Chunki ayrim holatlarda rahbar va xodim yoki rahbar va oddiy aholi o‘rtasidagi murakkab munosabatlar ham ijtimoiy tarmoqlarda aks etayotgani, bu esa oddiy odamlarda turli e’tirozlar, davlat xizmatchilariga nisbatan salbiy fikrlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois oddiy fuqarolar bilan muloqot qilishga doir yuksak madaniyatga, odamlarni tinglay bilish, murojaatlar bo‘yicha to‘g‘ri maslahat va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish, oqilona qaror qabul qilish ko‘nikmasiga ega bo‘lish shart.
Seminarda davlat fuqarolik xizmatchilarining jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashda odob-axloq qoidalariga rioya qilish va uning ahamiyati, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olish, kasbiy madaniyatga oid, xizmat faoliyatidagi va xizmatdan tashqari, shuningdek, tashqi ko‘rinish va kiyinish uslubiga oid umumiy odob-axloq qoidalari mavzusidagi ma’ruzalar tinglovchilar e’tiboriga havola etildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.