Biolog koronavirusga qarshi emlashda spirtli ichimlikning ta’siri haqida ma’lum qildi
Spirtli ichimliklar immunitetni tushiradi. Shuning uchun spirtli ichimliklarni iste’mol qilish emlash samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. "Lenta.ru" bilan suhbatda ushbu fikrni biologiya fanlari doktori, Jorj Meyson universiteti (AQSh) tizimli biologiya maktabi professori, Rossiya Fanlar akademiyasi Tibbiy genetik tadqiqotlar markazining bosh ilmiy xodimi Ancha Baranova bildirdi.
Biolog Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining standartlari haqida eslatdi. Agar kuniga 10 gramm toza spirtga teng miqdordagi spirtli ichimlik iste’mol qilinsa, bu sog‘liq uchun xavfli hisoblanmaydi. Lekin odamning vazni qancha kam bo‘lsa, immunitet tizimini susaytirishi uchun oz alkogol ham yetarli. Har qanday emlash samaradorligini tushirmaslik maqsadida ichish yaramaydi. Ta’siri yaxshi bo‘lishi uchun vaksinadan so‘ng ikki oy spirtli ichimlik ichmagan ma’qul.
Bungacha COVID-19 ga emlashdan oldin spirtli ichimliklarni man etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini shifokor va teleboshlovchi Aleksandr Myasnikov bergan edi. U har qanday dori-darmon qabul qilishda spirtli ichimliklarning zarari haqida gapirdi. Ayniqsa, emlashdan bir kun oldin va emlangach, 42 kun spirtli ichimliklar iste’mol qilmagan yaxshi. Myasnikovning ta’kidlashicha, vaksina qabul qilingandan so‘ng ayrim bemorlarda nojo‘ya ta’sir bo‘lishi mumkin. Ularni spirtli ichimlik bilan kuchaytirmagan ma’qul.