TIV Kanadada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqidagi xabarni tasdiqladi
O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi yengil motorli shaxsiy samolyot qulashi natijasida asli o‘zbekistonlik Otabek Obloqulov va Bobomurod Nabiyev, shuningdek, ularning oila a’zolari (jami 7 kishi) halok bo‘lganligi haqidagi OAV xabarlarini tasdiqladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.
Voqea 27 noyabr kuni Kanadaning Ontario provinsiyasida yuz bergan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Otabek Obloqulov tomonidan boshqarilgan, u turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandi, shuningdek, boshqa qarindoshlari bilan birga dam olish kunlarini o‘tkazish uchun Toronto shahridan Kingston shahriga yo‘l olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot qulashining sababi noqulay ob-havo bo‘lishi mumkin.
Elchixona tomonidan ko‘rilgan shoshilinch choralar, jumladan, Kinston shahri politsiyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida barcha qurbonlarning shaxsi aniqlangan.
Elchixona huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilish choralarini ko‘rmoqda.