Joylardagi muloqotlar: muammolar tahlili va yechim izlayotgan deputatlar

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi faoliyati sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Agar avvallari bu kabi tashriflar asosan hisobot va rasmiy uchrashuvlar bilan cheklangan bo‘lsa, bugungi kunda amaliy o‘rganish, muammolarni joyida aniqlash va tezkor yechimlar topishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etmoqda.

Viloyatimizning qator tumanlarida o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishlar bu jarayon qanday kechayotganini yaqqol namoyon etdi. Deputatlar nafaqat aholi bilan muloqot qildi, balki maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, mahalla infratuzilmasi va ijtimoiy obektlarni joyiga chiqib o‘rgandi.

Eski muammo — yangi yondashuv

Past Darg‘om tumanida Sherzod To‘xtashev ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar ta’lim sohasidagi muammolarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. 82 va 111-umumta’lim maktablari, shuningdek 46 va 59-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi holat o‘rganilganda, bir qarashda kichik ko‘ringan muammolarning aslida tizimli ekani ayon bo‘ldi.

Eng dolzarb muammolardan biri isitish tizimi bilan bog‘liq holatdir. Deyarli barcha o‘rganilgan muassasalarda qish mavsumida haroratni saqlash masalasi muammoli ekani qayd etildi. Bu esa nafaqat ta’lim sifatiga, balki bolalar salomatligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

O‘qituvchilardan biri bilan o‘tkazilgan suhbatda shunday deyildi:

— Yillar davomida shu muammo bilan yashayapmiz. Qishda sinfxonalarni isitish uchun turli usullarga murojaat qilishga majbur bo‘lamiz. Bu esa ta’lim jarayoniga ham salbiy ta’sir qiladi”.

Bu iqtibos ta’lim tizimidagi infratuzilmaviy muammolar qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi.

O‘rganishlar davomida yana bir muhim masala “Tashabbusli byudjet” mexanizmidan foydalanish samaradorligi bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘plab maktab va bog‘chalar bir necha yildan buyon ushbu loyihada ishtirok etib kelayotgan bo‘lsa-da, yetarlicha ovoz to‘play olmagani sababli g‘olib bo‘la olmagan.

Bu esa tizimning yana bir jihatini ochib beradi: faol ishtirok har doim ham natija bermaydi.

— Hozirda har bir deputatga saylov okrugidagi ijtimoiy muammolarni hal etish uchun alohida mablag‘ ajratilmoqda. Biz ushbu imkoniyatdan foydalanib, ’Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lmagan, ammo ahamiyati yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishga harakat qilyapmiz”, deydi Deputat Sherzod To‘xtashev.

Bu yondashuv tizimdagi muayyan adolatsizlik yoki nomutanosiblikni yumshatishga qaratilgan amaliy qadamdir. Chunki ovoz berish jarayonida ba’zan axborot kamligi, aholi faolligining pastligi yoki boshqa omillar sabab haqiqatan ham muhim loyihalar chetda qolib ketishi mumkin.

Muvozanat buzuqmi yoki muammolar umumiy?

Qo‘shrabot tumani hokimi Dilshod Shakarboyev tomonidan deputat Bekmirza Eshmirzayevga taqdim etilgan ma’lumotlar hududda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi. Xususan, o‘tgan yili 10 mahallaga har biri uchun 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgani, joriy yilda esa yana 7 mahallada shunday ishlar rejalashtirilgani qayd etildi.

Bir qarashda bu katta investitsiyadek tuyuladi. Ammo tahlil shuni ko‘rsatadiki, katta mablag‘ ajratilishiga qaramay, asosiy ijtimoiy muammolar to‘liq bartaraf etilmagan.

Bu yerda savol tug‘iladi: mablag‘ yetarlimi yoki uni taqsimlash va nazorat qilish mexanizmlarida muammo bormi?

Mutaxassislar fikricha, muammo ko‘p hollarda mablag‘ yetishmasligida emas, balki uning to‘g‘ri yo‘naltirilmasligi va ustuvorliklarni belgilashdagi kamchiliklarda namoyon bo‘ladi.

Deputat Azamat Pardayev tomonidan Oqdaryo, Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida amalga oshirilgan ishlar ham diqqatga sazovor. Bu hududlarda ham ta’lim muassasalaridagi ta’mirtalab binolar, tibbiyot muassasalaridagi yetishmovchiliklar va mahalla infratuzilmasidagi muammolar deyarli bir xil ekani kuzatildi.

Masalan, Nayman mahallasidagi poliklinika holati o‘rganilganda, uning ancha eskirgani va ta’mirtalab ekani aniqlangan. Shuningdek, bir qator maktablar ham mukammal ta’mirga muhtoj.

- Asosiy muammolar infratuzilma bilan bog‘liq, - deydi A.Pardayev. - Maktablar, poliklinikalar, mahalla binolari aksariyati ta’mirtalab. Shuningdek, isitish, suv ta’minoti kabi masalalar ham dolzarb. Deputat sifatida bu muammolarni hal etishda qanday yo‘l tutyapsiz, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Bunda birinchidan, joyiga chiqib o‘rganyapmiz. Ikkinchidan, mahalliy kengashlar bilan hamkorlikni kuchaytiryapmiz. Uchinchidan, ajratilayotgan mablag‘larni eng dolzarb masalalarga yo‘naltirishga harakat qilyapmiz.

Parlament nazorati: natija bormi?

Deputatlarning joylarga chiqib ishlashi parlament nazoratining muhim shakli hisoblanadi. Bu orqali qonunlar ijrosi qanday ta’minlanayotgani, davlat dasturlari qay darajada amalga oshirilayotgani aniqlanadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi o‘rganishlar ijobiy tendensiyani ko‘rsatadi. Ya’ni, deputatlar faqat qonun qabul qilish bilan cheklanib qolmay, uning amaldagi natijasini ham nazorat qilmoqda.

Biroq bu jarayonning samaradorligi ko‘p jihatdan keyingi amaliy qadamlarga bog‘liq. Ya’ni, aniqlangan muammolar qay darajada tez va sifatli hal etiladi — ana shu asosiy mezon bo‘lib qolmoqda.

Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, joylardagi muammolar ko‘p jihatdan o‘xshash va tizimli xarakterga ega. Ta’lim, tibbiyot va infratuzilma sohalaridagi kamchiliklar deyarli barcha hududlarda uchramoqda.

Shu bilan birga, ularni hal etish uchun imkoniyatlar ham mavjud. “Tashabbusli byudjet”, deputatlarga ajratilayotgan mablag‘lar, mahalliy byudjetlar — bularning barchasi to‘g‘ri boshqarilsa, sezilarli natija berishi shubhasiz.

Bugungi jarayonlar shuni ko‘rsatmoqda: parlament faoliyati joylarga yaqinlashmoqda. Endi esa asosiy vazifa bu yaqinlikni amaliy natijalar bilan mustahkamlashdir.

Yo.MARQAEV.