Tadbirkorga 4 milliard so‘m kredit ajratiladi
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov tadbirkorlarni qabul qildi.
Bu galgi uchrashuvda qatnashish uchun hafta boshida 21 nafar tadbirkor turli masalalarda yordam so‘rab murojaat qilgan. Muammolarning 15 tasi uchrashuvgacha tegishli mutasaddilar tomonidan hal etilgan bo‘lsa, qabulga masalasiga yechim topilmagan 6 nafar tadbirkor qatnashdi.
Jumladan, Jomboy tumanidagi "AMIN INVEST INTERNATIONAL" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Emma Kastamirova bankdan kredit olishda yordam so‘rab murojaat qildi.
- Korxonamizda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish rejamiz bor, - deydi E.Kostamirova. - Buning uchun aksiyadorlik tijorat "Sanoatqurilishbank"dan xomashyo sotib olish uchun kredit so‘ragandik. Shu masalada hokim o‘rinbosari qabuliga kirdik, tegishli topshiriqlar berildi va bank mutasaddilari korxonamizga 4 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratadigan bo‘ldi. Bu esa korxonamizda ishlab chiqarishni kengaytirishga zamin yaratadi.
O‘z muxbirimiz.