Tadbirkorlarga imtiyozli yer ajratishni qo‘llab-quvvatlaymiz
"Urgut" erkin iqtisodiy zonasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning tadbirkorlar hamda yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvda O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov partiyaning 5 maqsad, 500 vazifadan iborat saylovoldi dasturiga to‘xtaldi:
- Saylovoldi dasturimizda belgilangan ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va shu orqali sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga, mehnat unumdorligini 2 barobarga oshirish, 115 milliard dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Jumladan, raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish, "Chip sanoati", sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish masalalari partiyamizning diqqat markazida bo‘ladi. Shuningdek, kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarimizga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratamiz. Salohiyatli tadbirkorlarga kichik va yoshlar sanoat zonalaridan 10 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan yer ajratishni ham qo‘llab-quvvatlaymiz.