Temirchi faoliyatini davom ettiryapti

Ijtimoiy tarmoqlarda “Ota-bobo kasbini davom ettirayotgan kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorning temirchilik ustaxonasi 15 kundirki yopiq qolmoqda” sarlavhali videolavha tarqalgan, unda ko‘tarilgan muammo yechimi bo‘yicha viloyat hokimiga murojaat qilingan edi.

Undagi masalani hal etish maqsadida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Kattaqo‘rg‘on shahrida faoliyat yuritayotgan temirchi-usta Javlon Jo‘raqulovni qabul qildi va murojaat yuzasidan hunarmand fikrlarini tingladi.

Natijada sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan qo‘yilgan talablar to‘liq o‘rganib chiqildi. Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutasaddilari holatni joyida ko‘rib, atrofga shovqin tarqatish va ustaxonadagi sanitariya talablari mavjud me’yorlar asosida bajarilganini aniqladi. Shundan so‘ng tadbirkorlik faoliyati qayta tiklandi va tadbirkor kecha, 26 iyuldan faoliyatini boshladi.