To‘rt viloyatga rahbar bo‘lgan hokim
Bugun Sirdaryo viloyati rahbarligiga tayinlangan Erkinjon Turdimov uchun bu lavozim, vazifa to‘rtinchi viloyat hokimligidir.
Shu paytgacha ikki yoki uch viloyatda birinchi rahbar bo‘lib ishlagan hokimlar (Zoyir Mirzayev, Xayrulla Bozorov)ni bilamiz. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi bo‘lgan. Buxoro viloyatining sobiq hokimi, marhum O‘ktam Barnoyev ham avval Samarqand viloyatida birinchi rahbar bo‘lgandi. Samarqandning yana bir sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini boshqargan.
Erkinjon Turdimov hokimlik faoliyatini 31 yoshida, 2000 yilda Xatirchi tumaniga rahbarlik qilishdan boshlagan.
2008 yilda, 39 yoshida Navoiy viloyati hokimligiga tayinlangan (o‘sha paytda viloyat hokimlari orasida eng yoshi).
2016-2018 yillarda Surxondaryo viloyati, 2018-2024 yillarda Samarqand viloyatining birinchi rahbari bo‘lgan.
Uch viloyat hokimligidan hurmat-izzat bilan, chopon kiydirib kuzatish, davlat mukofotlari bilan taqdirlanish hamma rahbarga ham nasib etmaydi.
To‘rtinchi marta viloyat hokimi bo‘lish, bu – juda katta ishonch, boy hayotiy tajriba, rahbarlik salohiyati va yuksak mas’uliyatdir.
Xullas, bugun Erkinjon Turdimovga ana shunday sharaf, davlat rahbarining ishonchi, xalqning hurmati nasib etib turibdi.
Viloyatdoshimiz, Samarqandning sobiq hokimi Erkinjon Turdimovga Sirdaryo viloyatidagi faoliyatida ham muvaffaqiyat, mustahkam sog‘liq tilaymiz!