Turkiya Iroq shimolida harbiy operatsiya boshladi

Turkiya Mudofaa vazirligi Iroq shimolida Kurdiston Ishchilar partiyasi (KIP) jangarilariga qarshi yangi harbiy operatsiya boshladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, amaliyotda maxsus kuch va havo kuchlari ishtirok etmoqda. Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akarning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlar KIP boshpanalari, bunker, tunnel, g‘or va omborlariga muvaffaqiyatli hujum amalga oshirgan.

“Birinchi bosqichda belgilangan maqsadlarga erishildi. 40 yildan buyon yurtimizni qiynab kelayotgan terror balosidan xalqimizni saqlab qolishga qat’iyatimiz yetarli”, - dedi vazir va oxirgi terrorchi zararsizlantirilmaguncha kurash davom etishini qo‘shimcha qildi.

1984 yildan beri KIP jangchilari Turkiyadagi kurdlarning siyosiy huquqlari va uning tarkibida muxtoriyat yaratish uchun qurolli kurash olib bormoqda. Turkiya hukumati va kurdlar o‘rtasidagi sulh 2015 yil iyulida bekor qilingan edi.