Urgutda nega avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari yo‘q?
Oxirgi 4-5 yilda avtomobillarni benzin yoki dizel yoqilg‘isidan nisbatan arzon va ekologik toza yoqilg‘i bo‘lmish tabiiy gazga o‘tkazish bo‘yicha hukumat tomonidan bir nechta qarorlar qabul qilindi. Turli hududlarda suyultirilgan va siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalari ochilayapti.
Ammo, ba’zi holatlar bunday hujjatlar tartibsiz ijro etilayotganini ko‘rsatmoqda. Katta gaz quvurlari o‘tgan tumanlarda har qadamda siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalari ochilgan va ochilayotgan bo‘lsa, yirik gaz quvurlaridan uzoqda joylashgani uchun hatto bitta ham siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalari bo‘lmagan tumanlar ham talaygina.
Bugungi kunda Urgut tumanida 50 mingga yaqin avtoulovlar ro‘yxatga olingan. Ammo, bitta ham siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchasi yo‘q. Shuning uchun ham mashinalar suyultirilgan gazda yoki benzinda yuribdi. Ular orasida siqilgan gazda yurishga moslashtirilganlari ham bor, ammo ular bugun Toyloq tumanidagi siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalariga borib kelishga majbur bo‘lmoqda. Aholisi ham ko‘p, ko‘chada yurgan avtoulovlari ham ko‘p bo‘lgan tumanda nega bitta ham siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchasi yo‘qligini bilish maqsadida, avvalo, Urgut tuman gaz idorasiga bordim. Oddiy xalq tilida "raygaz" deb ataluvchi idoraning rasmiy nomi bugun Samarqand viloyati gaz ta’minoti hududiy filialiga qarashli 2-son Urgut uchastkasi deb yuritilar ekan. Borganimda uchastka rahbari yo‘q ekan, meni shu uchastkada – Siqilgan gaz (Metan) bo‘yicha bosh mutaxassis Farruh Toshmurodov qarshiladi.
Uning aytishicha, Urgut tumanida siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalarini ochish uchun, avvalo, gaz yo‘q. Ya’ni siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalariga hozirgi kunda Urgutdagi erkin iqtisodiy zona va qisman aholi uchun kelayotgan gazdan olib bo‘lmaydi. Shoxobcha uchun 35 km masofadan, ya’ni Samarqand shahridagi magistral gaz quvuridan alohida quvur tortib gaz olib kelish kerak ekan. Quvur tortib kelishning qiyinligi, xarajatlari va tashvishlari bugungi kunda Urgut tumanida siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalarini qurishga va ochishga asosiy to‘siq bo‘layapti. Qo‘shni Toyloq tumanidagi gaz quyish shoxobchalari o‘sha magistral quvurga yaqin masofada joylashgani uchun, ular alohida quvurlarni osonroq va kamroq xarajat bilan tortib kelgan.
F.Toshpo‘latovdan "Mabodo birorta tadbirkor shoxobchani qursa, xarajat qilib quvurni ham tortsa keyin unga tuman uchastkasi yoki viloyat hududiy gaz ta’minot filiali magistral quvurdan gaz olishga ruxsat beradimi?" deb so‘radim. U buning tartibini bilmasligi va bu haqda viloyat hududiy gaz ta’minot filiali yoki "O‘ztransgaz"ning Toshkentdagi bosh ofisidan so‘rashimni aytdi. Shundan so‘ng "O‘ztransgaz" bilan shu masalada bog‘landim. Qo‘ng‘irog‘imga javob bergan xodim siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalariga gaz ajratish masalalari bilan "O‘zbekneftgaz" shug‘ullanishini aytdi. So‘ng "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati orqali kerakli mutaxassis javobini oldim. U ham F.Toshmurodov bergan ma’lumotlarini tasdiqladi va siqilgan gaz quyish kompressor shoxobsi “O‘zbekneftgaz”ga yoki davlat xizmatlari markaziga ariza berishlari lozimligi, ularning arizasi ko‘rib chiqilib o‘sha hududdan o‘tgan magistral gaz quvurning imkoniyatlari o‘rganilib, agar shoxobcha uchun gaz olishga yetarli bosim bo‘lsa keyin gaz olishga ruxsat berilishini bildirdi. Shuningdek ruxsat berilganidan so‘ng shoxobcha ochayotgan tadbirkor gazni magistral gaz quvurlardan alohida quvur tortib olib kelishi lozimligini bildirdi.
Urgutda siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalarining yo‘qligiga magistral gaz quvurining tuman hududidan uzoqda joylashgani sabab bo‘layapti. Ammo, 35 km bu judayam uzoq masofa emas. Bu masofaga quvur tortish bitta tadbirkor uchun og‘irlik qilar, ammo 2-3 tadbirkorlar bir bo‘lib bitta quvur tortsa ana shunda tuman markazi atrofida bir nechta siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalarini qurish ancha samaraliroq bo‘lar edi.
Balki bu masalada tuman hokimligi tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘lib, tashkiliy ishlarda yordamlashar. Balki “O‘zbekneftgaz” Urgut tumanida avtomashinalar ko‘pligini inobatga olib, quvur tortishda yordam berar. Ammo nima bo‘lganda ham bugun bu tumanda kamida 2-3 ta siqilgan gaz quyish kompressor shoxobchalari qurish zarur bo‘lmoqda.
Biz ushbu masala yuzasidan “O‘zbekneftgaz” va Urgut tuman hokimligidan ijobiy javob kutib qolamiz.
G‘ayrat Yo‘ldosh.