Urgutlik onaxon markazga 100 million so‘m o‘tkazdi

Karantin kunlari boshlanishi bilan Urgutda aholiga moddiy yordam ko‘rsatish ishlari avj oldi. To‘g‘risi, Urgutdagi ba’zi mahalla ahli nafaqat ushbu qiyin kunlarda, balki doimiy ravishda muhtoj aholiga yordam ko‘rsatishidan ko‘pchilik xabardor. Ba’zi mahallalarda masjid, tibbiy muassasalar qurilishiga ham aholi o‘z ixtiyori bilan yordamga chiqqanini eshitganmiz.

Saxovatli urgutliklar karantin e’lon qilingan ayni kunlarda yanada ahillik bilan homiylik yordamini ko‘rsatmoqda.

- Shu paytga qadar homiylik yordamlari 2 mingga yaqin oilani qamrab oldi, - deydi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi Urgut tumani bo‘limi rahbari o‘rinbosari Zamira Murtazoyeva. - Birgina korxonaning o‘zi 600 xonadonga katta miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdi. Ushbu homiylik ishlarida xotin-qizlarning ham qarab turmayotgani kishini quvontiradi. Xususan, sakkiz nafar farzandning onasi Xosiyat Boltayeva Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga 100 million so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazdi.