"UzAuto Motors" yangilangan Chevrolet Captiva narxini e’lon qildi
"UzAuto Motors" Chevrolet Captiva 2022 krossoverini taqdim etdi. Avtomobilning 4 turdagi komplektatsiyasi mavjud: boshlang‘ich LT, LT 5, LT 7 va Premier.
Avtomobil 1,5 litrli turbo dvigatel, 10,4 dyuymli sensorli ekran, avtomatik uzatmalar qutisi, elektr boshqaruvli rul bilan jihozlangan, o‘rindiqlar soft touch materiali bilan qoplangan.
Yangilangan Chevrolet Captiva 2022 avtomobilini xarid qilish uchun shartnomani kompaniyaning rasmiy dilerlarida tuzish mumkin.
Narxlar quyidagicha:
➖ boshlang‘ich LT komplektatsiya — 192 775 000 so‘m;
➖ LT komplektatsiya 5 o‘rinli —238 086 957 so‘m;
➖ LT komplektatsiya 7 o‘rinli — 244 782 609 so‘m ;
➖ Premier komplektatsiya 7 o‘rinli — 269 478 261 so‘m.
Kompaniya xabarida narxlar QQSsiz ko‘rsatilgan. UzAutoSavdo tizimida esa QQS bilan qo‘shib hisoblaganda, Premier komplektatsiya 309 900 000 so‘mdan, LT 7 esa 281 500 000 so‘mdan boshlanishi qayd etilgan, boshlang‘ich LT va LT 5 komplektatsiyalari narxlari esa keltirilmagan.
Boshlang‘ich LT va LT5 komplektatsiyadagi 5 o‘rinli avtomobilni sotib olish istagida bo‘lgan xaridorlar, kompaniyaning rasmiy dilerlarida ariza qoldirishi yoki rasmiy sayti info@uzautomotors.com orqali onlayn tarzda ariza yuborishi mumkin.
To‘plangan arizalarning soniga qarab, kompaniya ushbu avtomobilning yetkazilib berilishini ta’minlaydi.
Xabar yozilgan paytda UzAutoSavdo tizimida Chevrolet Captiva uchun navbatlar shakllanib bo‘lgandi. Xususan, LT 7 komplektatsiyasi uchun navbat 19 donani tashkil qilgan bo‘lsa, Premier komplektatsiyasi uchun navbat 200 donadan oshdi. Taxminiy yetkazib berish muddati 2022 yilning 28 fevral deb ko‘rsatilgan.