Tez kunda "Chevrolet Tracker" sotuvi boshlanishi ma’lum qilindi

Sanoqli kunlardan so‘ng O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan krossover Chevrolet Tracker avtomobili sotuvi boshlanadi. Bu haqda "Uzauto Motors" matbuot xizmati xabar qildi.

Shu munosabat bilan kompaniya avtomobil sotuvi boshlanishiga hozirlik ko‘rmoqda.

Avtomobil yarimavtomat to‘xtash tizimi, LED yoritgichli kunduzgi chiroqlar, rangli 8 dyumli sensor displey Chevrolet MyLink, 6 dinamikli multimedia tizimi, ko‘pfunksiyali rul, konditsioner, panoramali lyuk va orqa oyna istish tizimi, old va orqa oyna elektropodyomnik bilan jihozlangan.

Ma’lumot o‘rnida, "Chevrolet Tracker" - 2023 avtomobili 6 ta xavfsizlik yostiqchalari, orqa ko‘rinish kamerasi, shinalar bosimi monitoringi tizimi, barqarorlikni nazorat qilish tizimi (ESP), tormoz (ABS) tizimi, tepalikka ko‘tarilishga yordam tizimi (HSA), orqa parktroniklar va bolalar o‘rindig‘i Isofix xavfsizlik texnologiyalariga ega.

"30 avgustda sizlarni dilerlik markazlarimizda kutib qolamiz", deyiladi xabarda.

Avvalroq UzAuto Motors nisbatan arzonroq bo‘lgan Spark avtomobili sotuvini to‘xtatib qo‘ygan edi. Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda minglab Spark’lar omborda taxlanib yotgani haqda xabarlar tarqalib, bu narxlarni sun’iy oshirishga urinish deb baholangandi. Ko‘p o‘tmay kompaniya eksport modelini ichki bozorga sotyapmiz deya narxni oshirgan edi.