"Qabul-2026 yil: Abituriyentlar kam, ammo raqobat har qachongidan kuchli
Joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun jami 677 ming 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Ularning 451 ming 744 nafari (66,6 foizi) shu yil bitiruvchilari, 226 ming 163 nafari (33,4 foizi) avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan fuqarolar.
Shundan, qizlar — 365 ming 196 nafar (53,9 foiz), yigitlar — 312 ming 711 nafar (46,1 foiz).
Statistikaga nazar tashlasak, joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 2018 yil darajasigacha kamayganini ko‘rish mumkin.
2017 yil — 729 ming 950 nafar;
2018 yil — 675 ming 49 nafar;
2019 yil — 1 million 66 ming 925 nafar;
2020 yil — 1 million 484 ming 85 nafar;
2021 yil — 948 ming 211 nafar;
2022 yil — 1 million 214 ming 232 nafar;
2023 yil — 1 million 18 ming 7 nafar;
2024 yil — 894 ming 279 nafar;
2025 yil — 732 ming 411 nafar;
2026 yil — 677 ming 907 nafar.
Ammo, abituriyentlar soni kamaygani sababli o‘tish ballari ham pasayadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Aksincha, nufuzli ta’lim yo‘nalishlarida o‘tish ballari har qachongidan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Buning asosiy sababi shundaki, joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov bosqichiga o‘tkazildi. Shu bois mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi ham shakllantirilmagan.
O‘ylab ko‘ring, qariyb 13 ming nafar abituriyent o‘zining yuqori natijasini oldindan kafolatlab bo‘lgan. E’tiborli jihati shundaki, bunday imkoniyatdan 2024 yilda atigi 1 nafar, 2025 yilda — 678 nafar, bu yil esa 12 ming 997 nafar abituriyent foydalanmoqda.
Bu esa bilimli yoshlar soni ortib borayotganini, ularning bilim olish va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishi kuchayib borayotganini yaqqol namoyon etadi.