Abituriyent–2024: Bugun Samarqandda test sinovlarining oxirgi kuni
Bugun Samarqand shahrida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlarining oxirgi kuni bo‘lib, imtihonlar 7 ta katta sig‘imli binolarda tashkil etildi.
O‘tgan vaqt davomida test sinovlariga jami 77068 nafar abituriyent qatnashdi. Ayrim sabablarga ko‘ra, qatnashishi rejalashtirilgan 7187 nafar abituriyent imtihonga kelmadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi Zarnews.uz’ga xabar berdi.
Shu kunga qadar test sinovlarida taqiqlangan vositalarni olib kirishga uringani, jarayonda test qoidalarini buzgani (materiallarga shikast yetkazgan, vaqtida yakunlamagan), taqiqlangan vositalarni ishlatgani uchun jami 23 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi.
Shuningdek, bu yilgi test sinovlarida o‘ringa o‘rin kirish holatlari aniqlanmadi.
Bundan tashqari, jarayonni xavfsiz o‘tkazish uchun Ichki ishlar vazirligidan 126 nafar, milliy gvardiyadan 86 nafar, yong‘in xavfsizligidan 37 nafar, sog‘liqni saqlash tizimidan 21 nafar xodim jalb etildi.