"Abituriyent-2024": Test sinovlarining birinchi kuni 8 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi
Avval xabar qilganimizdek, test sinovlari Samarqand viloyatida 7 ta katta sig‘imli binolarda bo‘lib o‘tmoqda.
Imtihonning birinchi kuni 1-navbat soat 08.00 dan 11.00 gacha, 2-navbat soat 15.00 dan 18.00 gacha davom etdi.
- Abituriyentlarga test sinovini topshirish tartibi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 8 nafar bino rahbari, 272 nafar guruh nazoratchisi hamda eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga xizmat ko‘rsatish uchun 11 nafar surdotarjimon biriktirildi, - dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i Vohid Sirliboyev. - Jarayonni betalafot o‘tkazish uchun Ichki ishlar vazirligidan 126 nafar, Milliy gvardiyadan 86 nafar, yong‘in xavfsizligidan 37 nafar, sog‘liqni saqlash tizimidan 21 nafar xodim jalb etildi.
Test sinovlarining 1-navbatida ishtirok etishi rejalashtirilgan 3540 nafar abituriyentdan 2917 nafari, ya’ni 82,4 foizi, 2-navbatida ishtirok etishi rejalashtirilgan 3540 nafar abituriyentdan 3291 nafari, ya’ni 93 foizi qatnashdi.
Test sinovlarining 1-navbatida 5 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi, shundan 3 nafari javoblar varaqasiga shikast yetkazganligi, 2 nafari shpargalkadan foydalanganligi uchun chiqarib yuborildi.
Test sinovlarining 2-navbatida 3 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi, shundan 2 nafari test topshiriqlari kitobiga shikast yetkazganligi, 1 nafari shpargalkadan foydalanganligi uchun imtihonni davom ettirolmadi.