Uzoq umr ko‘ruvchilar lezginkasi
Gruziyada yagona bo‘lgan uzoq umr ko‘ruvchilar xalq ansambli yarim yillik tanaffusdan so‘ng repetitsiyalarini boshladi.
Urush va mehnat faxriysi Muhammad Iremadze hademay 98 yoshga kiradi. U ko‘pchilik gruzin uzoq umr ko‘ruvchilari singari baland tog‘li Ajariyada nevara-chevaralari tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Yana “Bermuxa” ansambli solisti bo‘lib ishlaydi. “Men bolalikdan raqsga tushaman, hech kim o‘rgatgani yo‘q. To‘ylarda, bayramlarda raqsga tushish joni-dilim edi. Urushda bo‘lganimda tinch, farovon kunlarni orzu qilib raqsga tushardim. Jangchi safdoshlarimni kayfiyatini ko‘tarib, ularda g‘alabaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlardim. Ehtimol, men dunyoda eng keksa solistdirman. Ammo hali kuchim bor”, deydi keksa raqqos.
Repetitsiya haftada ochiq havoda, qadrdon tog‘ yon bag‘rida o‘tkaziladi. Koronavirus tufayli mahalliy “Madaniyat uyi” zalidan voz kechildi. “Bermuxa” ansambli 11 kishidan iborat. Eng yoshi – 67 yoshda. Tarkibda hamma vaqt o‘zlari o‘rgangan qariya raqqoslar bo‘lgan. O‘tgan yillar davomida ansambl nafaqat Gruziyani, balki uzoq-yaqin xorij mamlakatlarida o‘z san’atlarini namoyish qilgan.
“Biz gastrol safariga chiqishni juda yaxshi ko‘ramiz, - deydi ansambl ishtirokchisi Otar Iremadze. – Qaysi mamlakatga borayotganimizning ahamiyati yo‘q. Ammo bu katta mas’uliyat. Axir biz jonajon o‘lkamiz, purviqor tog‘lar, so‘lim tabiat, bag‘rikeng xalqimizni namoyish etamiz. Navqiron yoshlardek chaqqon, sho‘x raqslarni qotirib, ijro etgan qariyalar tomoshabinlarda hayrat uyg‘otadi”.
“Bermuxa” ansamblining uzoq umr ko‘rayotgan ishtirokchilari siri oddiy: toza havo, quvnoq kayfiyat, go‘zal tabiat, doimiy jismoniy mehnat, qarindosh-urug‘larning hurmat va e’tibori. Bunday muhitda kim o‘zini qariya deb his etadi, deb izoh beradi “Mir novostey” haftanomasi o‘zining 2021 yil 12 sonida.
T.Shomurodov tayyorladi.