Vatanga sodiq yoshlar yoki ikki kunlik harbiy hayot
Viloyatimizda harbiy vatanparvarlik o‘quv-yig‘inlari o‘tkazilmoqda
Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bergan vazifalari ijrosi doirasida viloyatda “Vatanga sodiq yoshlar” harbiy vatanparvarlik o‘quv-yig‘ini boshlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyatdagi boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida uning ilk ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
— Yig‘inning birinchi navbatida Samarqand shahrining 1-sektoridan 100 nafar yosh ishtirok etdi, - deydi o‘quv-yig‘ini boshlig‘i, polkovnik Alisher Teshaboyev. – Ular ikki kun davomida markazimizda yashab, maxsus o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qitildi. Jarayonda ma’naviy-ma’rifiy darslardan tashqari, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, qutqaruv tadbirlarini olib borish, harbiy va qutqaruv texnikalaridan foydalanish bo‘yicha tushunchalar berildi. Qisqa muddatga bo‘lsa-da, yoshlar o‘zlarini harbiylar bilan bir jamoada his qilishdi. Bu ularning keyingi hayotida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta.
— O‘tgan yilning yoz oylari edi, mahallamizdagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi, - deydi yig‘in qatnashchisi T.Muxtorov. – Do‘stlarim bilan voqea joyiga birinchi yetib borib, uy ichida qulflanib qolgan bolalarni qutqarishga erishdik. Shunda qutqaruvchilik juda xavfli va qiyin kasbligini bildim. O‘quv-yig‘inida unga bo‘lgan mehrim yanada ortdi. Markazda ko‘proq qolib, ko‘proq narsa o‘rganishni istardim.
Tasdiqlangan rejaga ko‘ra, o‘quv-yig‘ini tadbirlari joriy yilning mart-sentyabr oylari davomida o‘tkaziladi. Unda viloyatimizda istiqomat qiluvchi 5100 nafar profilaktik hisobda turuvchi va tarbiyasi og‘ir yoshlar qamrab olinishi belgilangan.