Viloyat hokimi Bulung‘urda tomorqalardan unumli foydalanish borasidagi ishlar bilan tanishdi
Erkinjon Turdimov Bulung‘ur tumani sektor rahbarlari, soha mas’ullari hamrohligida tumanning Gulobod, Zarafshon mahallalaridagi aholi xonadonlari ko‘zdan kechirdi.
Hokim xonadon egalari, nuroniylar va yoshlar bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida tumandagi barcha xonadonlar o‘zining tomorqasidan samarali foydalanmayotganligi, xususan, tomorqadan yiliga 2-3 marta hosil olish imkoni bo‘lgan bir vaqtda, ayrim aholi tomorqalari hatto haydalmaganligi yoki daromadi past bo‘lgan ekin turlari ekib kelinayotganligi tanqid qilindi. Bunda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyiliga amal qilinishi zarurligi, shunda mahallaning ixtisoslashuviga ko‘ra bozor shakllanishini ta’kidladi.
Aholi bilan muloqot jarayonida Gulobod mahallasidagi ta’mirtalab yog‘och ustunlarni almashtirish borasida soha mas’ullariga ko‘rsatma berildi. Zarafshon mahallasida yashovchi Ubaydulla bobo Valiboyev hamda turmush o‘rtog‘iga sanatoriyaga yo‘llanma berilishi belgilandi.