Viloyat prokurori Ishtixon tumani yoshlari bilan uchrashdi
Og‘ir toifadagi yoshlarni muammolarini o‘rganish va migratsiyadagi yoshlarning muammo, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyati prokurori M.Eshnazarov ishtixonlik yigit-qizlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda 75 nafar og‘ir toifadagi yoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning 5 nafarini sportchilar, 9 nafarini yosh tadbirkorlar, 24 nafarini o‘quvchi yoshlar, 7 nafarini profilaktik hisobda turganlar, 5 nafarini probatsiya nazoratidagi yoshlar tashkil etgan.
Shuningdek, 12 nafar xorijiy migratsiyadan qaytganlar hamda 13 nafar faol yoshlar viloyat prokurori bilan muloqot qildi.
Ochiq va erkin suhbat olib borgan viloyat prokurori bugungi kunda yoshlar orasida uchrayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari haqida so‘z yuritib, yigit-qizlarning huquqlari, burch va majburiyatlari haqida to‘xtaldi.
Davlat tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, ulardan oqilona foydalanishga chaqirdi.
Uchrashuv davomida yoshlar ham o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida muayyan yutuqlarga erishgan yigit-qizlarning ota-onalariga tashakkurnoma va sovg‘alari berilib, bir guruh iqtidorli yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi