Viloyatning o‘sish sur’atlari saqlanadi

Buning uchun har bir tizim va tarmoq jiddiy ishlashi kerak.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Dastlab viloyat sektor rahbarlarining viloyatni ishsizlik va korrupsiyadan xoli hududga aylantirish, “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha hisoboti eshitildi.

 - O‘tgan yil viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot hajmi 99,9 trillion so‘mdan oshdi va o‘tgan yilga nisbatan 6,9 foizga o‘sdi, - dedi 1-sektor rahbari, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev. - Bunda, sanoat mahsulotlari hajmi 46,2 trillion so‘m, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 57,5 trillion so‘m, xizmatlar hajmi 58,9 trillion so‘m, qurilish-pudrat ishlari hajmi esa 14 trillion so‘mga yetkazildi. 350,4 ming aholining bandligi ta’minlandi. Buning natijasida ishsizlik darajasi 6,6 foizdan 5,4 foizga kamaytirildi.

Mahalliy byudjet daromadlari rejadagi 4 977,3 milliard so‘m o‘rniga  5 312,6 milliard so‘mga ortig‘i bilan bajarildi.

Umumiy qiymati 1246,8 million dollarlik 1463 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi. Loyihalar doirasida 928,5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi.

Eksport prognozi yil yakuni bilan 716 million dollarga yetib, eksport geografiyasi 63 davlatga yetdi.

106 ta’lim muassasasida qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borildi. Natijada 27 ming o‘quvchi o‘rni uchun shart-sharoit yaratildi.

Viloyat turizm salohiyatini rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish maqsadida 11 ta mehmonxona, 39 ta xostel, 74 ta oilaviy mehmon uyi hamda 3 ta davolanish va 3 ta dam olish maskani faoliyati tashkil etildi.

2025 yilda ham yuqori o‘sish sur’atlarini saqlagan holda, yalpi ichki mahsulot hajmini 112,8 trillion so‘mga, aholi jon boshiga esa 25,9 million so‘mga yetkazishni maqsad qilganmiz.

45 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 90,1 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi hayotga tatbiq etilib, asosiy e’tibor aholini daromadli mehnatga jalb qilish, kasb-hunar o‘rganish, kafolatlangan davlat tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishga qaratiladi.

Joriy yilda umumiy qiymati 8,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya asosidagi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

Aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida 11 500 xonadonli 184 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etish, urbanizatsiya darajasini hozirgi 36,6 foizdan 37,2 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. 25 ta suv inshooti quriladi, 38 ta suv inshooti ta’mirlanadi, 206,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 80,5 foizga yetkaziladi.

6400 ta yaroqsiz simyog‘ochlar temir-beton ustunlarga, 1,5 ming kilometr elektr havo tarmoqlari SIP kabellarga almashtiriladi.

Maktablarda 19,5 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratiladi, nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 48 taga yetkaziladi.

Viloyatning 14 ta mahallasida “Turizm qishloq”larini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.

Sport infratuzilmasi rivojlanmagan 24 ta mahallada sport maydonchalari barpo etiladi, 3 ta sport zal va 4 ta sport inshooti yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi.

Sessiyada, shuningdek, 2-sektor rahbari, viloyat prokurori M.Eshnazarov, 3-sektor rahbari, viloyat IIB boshlig‘i R.Mamatov, 4-sektor rahbari, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i E.Tolliyevning hisoboti va joriy yilga mo‘ljallangan rejalari tinglandi.

Shundan so‘ng deputatlar “2025 yilda Samarqand viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi”ni tasdiqladilar.

Dasturda viloyatdagi yalpi hududiy mahsulot hajmini 6,3 foizga oshirish, ishsizlik darajasini 4,8 foizga va kambag‘allik darajasini 5,4 foizga pasaytirish nazarda tutilgan.

Sessiyada 2025 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha o‘rnatilgan soliq stavkalariga kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar, soliq to‘lovchilar uchun belgilangan eng kam va eng yuqori stavkalar (diapazon) doirasida hududlar kesimida miqdorlarini va mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning ijara to‘lovi eng kam stavkalarining oshiruvchi koeffitsiyentlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024 yil 29 noyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishini nazorat qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi to‘g‘risidagi va Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.