Xalqimiz tarixi va kelajagini yorituvchi ilmiy markaz

Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi “Islomdan oldingi davr sivilizatsiyalari”, “Birinchi Renessans davri (IX–XII asrlar)”, Ikkinchi Renessans davri (Temuriylar davri)”, Qur’on zali (Usmon Mushafi)”, “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiyalardan iborat. Shuningdek, «Sharaf zali», «Bag‘rikenglik maydoni» va boshqa tematik ko‘rgazma hududlari ham mavjud.

“Islomdan oldingi davr sivilizatsiyalari” bo‘limida mamlakatimiz hududida shaharsozlik va me’morchilikning rivojlanishi, sug‘orish tizimlari, dehqonchilik uchun kanallar va suv inshootlarining qurilishi misollar asosida namoyish etilgan. Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arb o‘rtasida savdo-sotiq va madaniy aloqalarning shakllangani ifodalangan.

O‘z navbatida, kulolchilik, zargarlik, to‘qimachilik va metallarga ishlov berish yuqori darajaga yetganligi xususida hikoya qilinadi. Hududimizda yozuvning paydo bo‘lishi va davlatchilikning shakllanishi, ilm-fan va astronomiyaning ilk asoslari haqida ma’lumot beriladi. Madaniyat va san’at - devoriy rasmlar, haykaltaroshlik va amaliy san’at namunalarining yaratilgani misollarda ko‘rsatiladi.

Ko‘rinadiki, islomdan oldingi davrlarda ham hududimiz mashhur tarixiy shaxslari va namoyandalarga beshik bo‘lgan. Jumladan, Zardusht qadimgi dunyoda keng tarqalgan zardushtiylik ta’limotining asoschisi sifatida e’tirof etiladi. To‘maris - xalq mustaqilligi uchun kurashgan mashhur hukmdor. Shiroq - yurtini himoya qilish yo‘lida jasorat ko‘rsatgan tarixiy shaxs. Spitamen - Aleksandr Makedonskiy qo‘shinlariga qarshi kurashgan milliy qahramon. Kushon podshohi Kanishka - savdo, madaniyat va buddaviylik rivojiga katta hissa qo‘shgan hukmdorlardan.

Shuni qayd etish joizki, faoliyati davlatlar, madaniyatlar va xalqlar tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan olimlar va mutafakkirlar haqidagi ma’lumotlar birinchi va ikkinchi Renessans davrlaridagi kabi saqlanmagan. Ammo To‘maris, Spitamen, Shiroq va Zardusht kabi shaxslar Markaziy Osiyoning qadimgi sivilizatsiyalari ramzi sifatida katta ahamiyatga ega.

Birinchi Renessans (IX–XII asrlar) Markaziy Osiyo va islom olami ilm-fanining yuksalish davri bo‘lib, bu davrda dunyo fanlarining paydevorini yaratgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan.

Markazda Muhammad al-Xorazmiy haqida ma’lumot keltirilar ekan, allomaning nafaqat algebra fani, balki matematika, astronomiya, geografiya va ilm metodologiyasining rivojlanishiga hissa qo‘shgan olim sifatida e’tirof etiladi.

Ahmad al-Farg‘oniy Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk olim bo‘lib, astronomiya, matematika, geografiya va muhandislik, yerning o‘lchamini aniqlashga qo‘shgan hissasi misollarda o‘z aksini topadi.

Abu Nasr Forobiy falsafa, mantiq, matematika, musiqa, siyosatshunoslik va ta’lim sohalari taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratgan shaxs, Abu Rayhon Beruniy astronomiya, matematika, geografiya, geodeziya, fizika, mineralogiya, farmakologiya, tarix va etnografiya sohalarining zabardast olimi sifatida namoyish qilinadi.

Shuningdek, markaz kompozitsiyalarida «Tib qonunlari»ni yaratgan Abu Ali Ibn Sino Moturidiya ta’limotining asoschisi Abu Mansur Moturidiy Hadis ilmining buyuk namoyandalari Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy hazratlarining ilmiy merosi haqida gapiriladi.

Ikkinchi Renessans (XIV–XVI asrlar) davri yo‘nalishi ilm-fan, adabiyot va san’atning yuksak taraqqiyot bosqichi ekanligi ifodalanib, Amir Temur tavsifidan boshlanadi. Sohibqironning hududda ilm-fanni rivojlantirish uchun barqaror davlat, kuchli ta’lim muhiti va ilmiy markazlar yaratgani o‘z aksini topadi.

Mirzo Ulug‘bek esa astronom, matematik va ta’lim sohalarini yangi bosqichga olib chiqqan XV asrning eng yirik olimlaridan biri sifatida gavdalantiriladi.

Eksponatlar bilan tanishishi jarayonida Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning faoliyati tufayli mamlakatimizning ko‘plab shaharlari jahon ilm-fani va madaniyatining muhim markazlariga aylanganini anglash mumkin.

“Qur’on zali” Islom sivilizatsiyasi markazining muhim bo‘limlaridan biri. Zalda dunyodagi eng qadimiy Qur’on qo‘lyozmalaridan biri Usmon Mushafi markaziy o‘rinni egallaydi. Bundan tashqari, turli asrlarga mansub Qur’onning noyob qo‘lyozmalari va nusxalari va xattotlik san’ati namunalari ham taqdim etilgan.

Bugun Yangi O‘zbekistonda uchinchi Renessans poydevorini yaratish harakatidamiz. Jarayonda yoshlar, olimlar, o‘qituvchilar, muhandislar, shifokorlar, tadbirkorlar va ijodkorlar faol ishtirok etmoqda. Ta’lim, ilm-fan, innovatsiya va ma’naviyat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar uchinchi Renessansning asosi sifatida qaralmoqda.

Markaz eksponatlarida kelajak bunyodkorlari, ularga bilim va ma’rifat tarqatayotgan pedagoglar, yangi ilm-fan yaratuvchilari bo‘lgan olimlar va tadqiqotchilarga alohida ahamiyat berilgan. Ular innovatsiyalar va iqtisodiy taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch sifatida ifodalangan.

Mamayunus PARDAYeV,

SamISI professori, iqtisodiyot fanlari doktori.