Xodimning ish haqi to‘lab beriladi
Tahririyatimizga Past Darg‘om tumani Chortut mahallasida istiqomat qiluvchi Otabek Xolmurodovdan shikoyat xati keldi.
Murojaatchining ta’kidlashicha, u viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tasarrufidagi «Toza hudud» davlat unitar korxonasida 2017 yil 4 noyabrdan buyon haydovchi vazifasida mehnat qilib kelgan. 2018 yilning oktyabr oyida «Toza hudud» korxonasining Samarqand shahar filiali faoliyati to‘xtatiladi.
- Umurtqa pog‘onamdan operatsiya qilinganim bois mehnatga layoqatsiz bo‘lib qoldim, - deydi O.Xolmurodov. – Hozirda faoliyati tugatilgan ushbu korxonada uch oylik maoshim qolib ketgan. Hisobchilarga uchrashsam «qachon hisob raqamimizga pul tushsa, o‘shanda oyligingizni beramiz», deyishdi. Ish haqimni undirib berishlaringizni so‘rayman.
Ushbu shikoyat xatiga viloyat «Toza hudud» davlat unitar korxonasidan quyidagi mazmunda javob xatini oldik:
Darhaqiqat, korxonamizning shahar va tuman filiallarining daromadi harajatini qoplamagani sababli ishchi-xodimlarimizning oylik ish haqini ikki-uch oylab kechikib to‘lab berishga majbur bo‘layotgandik. Shuningdek, davlat unitar korxonaning Samarqand shahar filiali 2018 yilning 1 oktyabridan tugatilib, uning barcha texnikalari «Maroqand obod» davlat unitar korxonasiga o‘tkazildi. Hozirgi kunda hisob raqamimizda mablag‘ yetishmovchiligi sabab Samarqand shahridagi sobiq filialimizning xodimi O.Xolmurodovning 1 136 568 so‘mlik ish haqini to‘lab berish bo‘yicha qarzdorligimiz mavjud. Prezidentimizning 2018 yil 22 noyabrda imzolagan «Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2019 yilning 1 yanvaridan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro buyurosiga yuklatildi. Shu oy yakuni bilan majburiy ijro byurosi shahar va tuman bo‘limlari tomonidan qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lov mablag‘lari hisob raqamimizga kelib tushadi. 2019 yilning fevral oyida fuqaro O.Xolmurodovning ish haqi qarzdorligini to‘liq qoplashimizni ma’lum qilamiz.
Zafar YUSUPOV, korxona direktori.