Nurobodda ishlayotgan shifokorlarga to‘lanmagan mablag‘lar undirib berildi

Fuqaro Sh.Qudratova hamda R.Quvondiqov Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining Jom hududiy bo‘limi va Ibn Sino nomli 15-son oilaviy poliklinikasining oila shifokori vazifalarida, shu bilan birga R.Quvondiqov tegishli buyruqqa muvofiq o‘rindoshlik asosida Past Darg‘om tumani hududidan kelib, faoliyat yuritgan. Ammo ularga 30 million so‘mdan bir martalik pul mablag‘i hamda BHMning 2 baravari miqdorida har oylik ijara puli to‘lanmagan.

Prezidentning 2020 yildagi farmoni 6-bandi talabiga ko‘ra, “Qishloq shifokori” dasturi doirasida boshqa hududda yashovchi shifokorlar olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilinganda ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uy-joylari berilishi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik ijara to‘lovlari Davlat byudjetidan kompensasiya qilinishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur imkoniyatlardan foydalanish uchun shifokorlar bilan viloyat hokimligi o‘rtasida shartnoma tuzilishi, ushbu dasturini moliyalashtirish viloyatlar mahalliy byudjetlari hisobidan amalga oshirilishi zarur.

Fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash, qonuniy manfaatlari ta’minlanishini so‘rab, Nurobod tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishdi.

Tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi N.Ro‘ziyev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, adliya bo‘limi xodimlarining aralashuvi bilan ularga pul mablag‘lari undirib berildi.

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.