XTV: Maktablarda yangi yil bayrami nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar ta’qiqlanadi

Xalq ta’limi vazirligi tarqatgan xabarga ko‘ra, bolalar xavfsizligi hamda turli pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida maktablarda yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy qilinmoqda.

“Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas.

Shu munosabat bilan, vazirlik tomonidan umumta’lim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq quyidagi holatlar taqiqlanganligini ma’lum qilamiz:

- yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq har qanday tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish;

- bayram bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ota-onalardan turli xil noqonuniy pul yig‘imlarini amalga oshirish;

- maktab foyesi va sinf xonalarini sun’iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish (o‘quvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bundan mustasno).

Istisno tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sinf rahbari hamda ota-onalar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etgan holda, o‘z sinf xonalarida, dars mashg‘ulotlariga halaqit bermagan holda bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda maktab hovlisida yangi yil archasini bezatishga ruxsat beriladi”, deyiladi vazirlik xabarida.