Yosh yigitlar "Jasorat maktabi"da toblanadi
Viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etgan, tarbiyasi og‘ir, profilaktik hisobda turuvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish maqsadida 100 nafar yosh uchun "Jasorat maktabi" harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inining navbatdagi mavsumi boshlandi.
Viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va huquq-tartibot organlari hamkorligida tashkil etilgan yig‘in ishtirokchilari Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida tantanali kutib olindi. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi.
- Ishtirokchilar o‘n kun davomida harbiycha hayot kechiradi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Boboyev. - Ular uchun turli treninglar va psixologik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, IT, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘rgatilib, loyiha hamda biznes-rejalari qo‘llab-quvvatlanadi.
Shuningdek, harbiy-o‘quv yig‘in davomida sport musobaqalari, “Rahbar va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkaziladi. Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylar hamda tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtiriladi.