Yoshlarga “baliq tutish”ni o‘rgatishga tayyormiz. Faqat...

Ko‘pdan buyon o‘ylab yurgan g‘oyalarimning qanchalik to‘g‘ri ekanligiga kecha yana bir bor amin bo‘ldim.

Qanday g‘oya ekan, deysizmi? G‘oyam, taklifim shundan iboratki, Urgutda, shuningdek, viloyatimizning boshqa hududlarida ham yoshlarni kasbga yo‘naltiradigan, jumladan, tikuvchilikni o‘rgatadigan markazlar tashkil etish zarur.

To‘g‘ri, kasb-hunarga o‘qitish maktablarida, kollejlarda buni o‘rganish mumkin. Lekin men xorijdan mutaxassis taklif etib, yoshlarga zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmasini hosil qilish kerak, degan fikrdaman.

O‘zim Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib, erkaklar ko‘ylaklari ishlab chiqarishni boshlaganimda, mutaxassis, yaxshi tikuvchilarni topishda qiynalganman. Turkiyadan kelgan hamkorim bir nechta yoshlarga bu texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatdi. Ammo u uzoq vaqt qolib, hunar o‘rgatolmadi.

Agar biz xorijdan ana shunday mutaxassislarni jalb qilib, kasbga yo‘naltirish markazlari tashkil qilsak, bu tadbirkorlar uchun ham, yoshlar uchun ham katta imkoniyat bo‘ladi.

Kecha xalq deputatlari viloyat kengashining to‘rtinchi sessiyasida viloyatimiz hokimi E.Turdimov, kechqurun esa videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni kamaytirish uchun ishsiz kishilarni kasb-hunarga o‘qitish kerakligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari “odamga baliq berish kerak emas, baliq tutishni o‘rgatish kerak” deb aytdilar.

Biz ishsiz yoshlarga “baliq tutishni o‘rgatish”ga tayyormiz. Buning uchun korxonamizdan joy ham ajratib beramiz. Faqat xorijdan mutaxassis jalb etishga amaliy yordam ko‘rsatilsa, bas.

Majidxon ISLOMOV,

“Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari.