Deputat anketasi: Payariqda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

Joriy yilda Yangi hayot mahallasida 11 milliard 55,8 million so‘m mablag‘ asosida 3 ta 4 qavatli 72 xonadonli arzon uy-joylar qurilmoqda.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi 78-umumiy o‘rta ta’lim maktabi mukammal ta’mirlanyapti. Qumchuq mahallasida 120-o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda. Sarbozor mahallasida 1 milliard 500 million so‘mlik loyiha asosida 100 o‘rin “Yulduzcha NTM” maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib, foydalanishga topshirildi.

Tegishli dastur doirasida Polvonariq mahallasida “Registon sharq me’mori” MChJ tomonidan qiymati 1 milliard 200 million so‘mlik parrandachilik xo‘jaligi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Fitrat mahallasida “Choporoshli zamini” fermer xo‘jaligi tomonidan qiymati 700 million so‘mlik uzum bog‘i tashkil etildi. “Buyuk zamin inomi" fermer xo‘jaligining 15 milliard 596 million so‘m mablag‘ asosida tomchilab sug‘orish usulida tashkil qilgan yong‘oqzorida 20 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi. “Walnut Growth” MChJ tomonidan ham qiymati 5 milliard so‘mlik xuddi shunday loyiha amalga oshirilmoqda.

Bunyodkor mahallasida "SHAXZODA QANDOLATCHILIGI" MChJ tomonidan 1 milliard 332 million so‘mlik loyiha asosida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va qadoqlash faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, hududda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida ikkita xususiy tibbiy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu muassasalarda 15 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Saylov okrugimdagi 18 ta mahallada 11 ming 578 ta xonadon mavjud. Qayrib 65 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Ular bilan uchrashuvlarda 65 ta murojaatlar ro‘yxatga olingan. Murojaatlarning 9 tasi elektr ta’minoti, 12 tasi tabiiy gaz, 4 tasi ichimlik suvi masalasida. Bundan tashqari, 5 ta shifoxonada bepul davolanish, 4 ta moddiy yordam, 7 ta uy-joyini ta’mirlash va 1 ta yo‘l kesishmasiga svetafor o‘rnatishda amaliy yordam so‘rab murojaat bo‘lgan. Fuqarolik pasporti olish bo‘yicha 3 ta, uy-joylarni kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha 1 ta, tikuv mashinasi so‘ragan 14 ta, ish bilan ta’minlash va boshqa turli masalalarda 5 ta murojaat ko‘rib chiqilgan.

Ushbu murojaatlarning barchasi qonun doirasida qanoatlantirilyapti.

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.

Joriy yilning o‘tgan davrida 12 ta deputatlik so‘rovi yuborganman. Oxirgi deputatlik so‘rovim Payariq tumani elektr ta’minoti korxonasiga 28 avgustda yuborilgan.

Unda tumandagi Polvonariq, Ulug‘bek va Ernazarqo‘rg‘on mahallalaridagi eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish so‘ralgandi. Javobda bu ishni 2021 yilgi dasturiga kiritish rejalashtirilayotganligi bildirilgan.

Nilufar NURMATOVA,

21-Payariq saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.