“Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish oyligi"ning birinchi o‘n kunida Samarqandda 2574 ta ma’muriy huquqbuzarlik, 29 ta jinoyat aniqlandi

Joriy yilning 1 fevral kunidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan topshiriqlar hamda Ichki ishlar vazirining 2020 yil 30 yanvardagi Farmoyishi ijrosini ta’minlash, shuningdek, viloyat hududida kriminogen vaziyat barqarorligini, jamoat xavfsizligini saqlash, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Samarqand viloyatida “Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish oyligi” maxsus tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida 10 fevral kuniga qadar 61371 ta xonadon, 2681 ta korxona va tashkilotlar, 3938 ta ta’lim muassasalari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida, huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishda ahamiyatli bo‘lgan 2574 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlandi. Jumladan, 42 ta ota-onalarning o‘z majburiyatlarini bajarmaslik holati, 53 ta yengil tan jarohati yetkazish, 162 ta mayda bezorilik, 220 ta jamoat joylarida spirtli ichimliklar ist’yemol qilish, 12 ta fohishalik bilan shug‘ullanish, 51 ta ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, 8 ta ma’muriy nazorat qoidalarini, 4 ta ov quroli saqlash qoidalarini, 2440 ta yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanib, ulardan fuqarolarga tegishli 418 ta transport vositalari jarima maydonchalariga qo‘yildi.
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 84 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoq tarzidagi jazo tayinlandi.
Shuningdek, tadbir davomida olib kelingan 102 nafar yashash va ish joyi noaniq shaxslar Reabilitatsiya markaziga, 35 nafar qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar viloyat IIB HPBga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
Tadbirning o‘tgan 10 kuni davomida viloyat hududida 29 ta jinoyatlar aniqlandi. Shulardan, 16 ta giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar, 6 ta qo‘shmachilik yoki fohishaxona saqlash, 2 ta qimorxona tashkil etish, 1 ta noqonuniy qurol saqlash holatlari aniqlandi. Shuningdek, 6 ta ilgari ochilmasdan qolgan jinoyatlar fosh etildi. 8 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 2 nafar shaxsi noma’lum murdalarning shaxsi aniqlandi hamda 3 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslar topildi.
Viloyat hududida aholi xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.