Munosib mehnat sharoitlari asosiy muammo

O‘tgan yili viloyatimizda 18 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etildi. Shundan 7 ta hodisa o‘lim bilan tugagan, 10 ta hodisa oqibati og‘ir, 1 ta holatdagina oqibati yengil bo‘lgan.

Umuman, kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnat inspeksiyasining mehnat huquq va texnik inspektorlari tomonidan yilda 7 ta ishga tiklash va 5 ta ish haqlarini undirib berish to‘g‘risidagi murojaatlar o‘rganilgan. Masalan, Samarqand shahar “Yagona hisob kitob markazi” DUK xodimining murojaati o‘rganilganda ish beruvchi tomonidan 2 million 224 ming 524 so‘m noqonuniy ravishda ushlab qolingan.

Albatta, bu kabi murojaatlar belgilangan tartibda hal etilib, 5 nafar ishchi-xodimga 22 million so‘mdan ziyod ish haqi undirib berildi.

Shuningdek, “Hudud gaz Samarqand” MChJ bizga murojaat qilgan xodimi bilan mehnat shartnomasini qonunga zid ravishda bekor qilgan. Kiritilgan taqdimnomamiz asosida murojaatchi o‘z vazifasiga ishga tiklandi.

Xodim va ish beruvchi munosabatlarida munosib mehnat sharoitlarini yaratish asosiy muammolardan bo‘lib qolmoqda. Negaki, 2020 yilda viloyatimizda 18 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etildi. Shundan 7 ta hodisa o‘lim bilan tugagan, 10 ta hodisa oqibati og‘ir, 1 ta holatdagina oqibati yengil bo‘lgan.

Misol uchun, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi bilan 2020 yil 23 mart soat 15:00 da o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Baxtsiz hodisa tegishli tartibda maxsus tekshirilib, tegishli dalolatnoma tuzilgan va korxona hisobiga olingan. Shunga asosan korxona tomonidan jabrlanuvchiga 25 million 650 ming so‘m bir marta to‘lanadigan nafaqa berilgan. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik tufayli oyma-oy 655 ming so‘m belgilanib, ish beruvchi tomonidan 3 million 950 ming so‘m va kasaba uyushmasi tomonidan 400 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.

“Samarqandgeologiya” davlat unitar korxonasi ishchisi bilan esa 16 aprel kuni soat 15:30 da o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Tegishli sa’y-harakatlarimiz bilan korxona tomonidan jabrlanuvchiga 166 million 186 ming 818 so‘m bir marta to‘lanadigan nafaqa berilib, boquvchisini yo‘qotgan oilaga 850 ming so‘m oylik nafaqa belgilandi. Bundan tashqari, marhumning oilasiga ish beruvchi tomonidan 2 million 500 ming so‘m va kasaba uyushmasi tomonidan 426 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ elektromontyori bilan 22 may kuni soat 09:30 da o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Korxona jabrlanuvchiga 49 million 990 ming 782 so‘m bir marta to‘lanadigan nafaqa berib, 833 ming 179 so‘m oylik nafaqa tayinlagan. Marhumning oilasiga ish beruvchi 2 million 717 ming 320 so‘m va kasaba uyushmasi 426 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatgan.

X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazi viloyat filiali ishchisi bilan 14 yanvar kuni oqibati og‘ir baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.

Baxtsiz hodisadan jabrlanuvchiga 10 million 300 ming so‘m bir marta to‘lanadigan nafaqa to‘lanib, sog‘ligiga yetkazilgan zarar uchun 565 500 so‘m oyma-oy tovon puli belgilangan. Jabrlanuvchiga sog‘ligini tiklashi uchun 2 million 230 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Samarqand shahar, Sug‘diyona massivida yashovchi fuqaroning “ZARAFSHON TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun oyma-oy tovon puli to‘lamayotganligi o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida “ZARAFSHON TEKSTIL” MChJ tomonidan 2020 yil 9 oktyabr kuni fuqaro N.Hamidova hamda kasb kasalligi bo‘yicha nogiron R.Sheynaga 1 million 626 ming 126 so‘m va 3 million 745 ming 745 so‘m to‘lab berildi.

Qayd etish lozimki, baxtsiz hodisalarning asosiy qismi xodimlar mehnatning xavfsiz usul va uslublariga o‘qitilmaganligi oqibatida mehnat muhofazasi sohasida bilim darajasi yetarli emasligi, ichki mehnat tartib qoidalari buzilishi va boshqa sababli tufayli kelib chiqmoqda.

Ulug‘bek G‘aniyev,

Usmon Karimov,

Kasaba uyushmalari federatsiyasi mehnat inspeksiyasining viloyat bo‘yicha mehnat huquq va texnik inspektorlari.