O‘zbekistonda 82 ta kichik loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 187 million kub metr tabiiy gaz tejalmoqda

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari tashabbusi bilan energiya samaradorligini oshiruvchi mahsulotlar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti hududiy va mintaqaviy korxonalari rahbarlari, sanoat korxonalari vakillari, shuningdek, iste’molchilar ishtirok etgan ushbu yarmarkada yurtimizda va xorijda ishlab chiqarilgan energiya tejamkor uskunalar namoyish etildi.
Yarmarkadan so‘ng o‘tkazilgan davra suhbatida Energetika vazirligining energiya samaradorligi departamenti direktori M.Hakimov hamda “O‘zenergoinspeksiya”ning viloyat bo‘limi boshlig‘i O.Hoshimov Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar so‘z yuritdi.
- Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2011 yildan buyon "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi amalga oshirib kelinmoqda, - dedi loyihani muvofiqlashtiruvchi guruhi direktori Alisher Alimbayev. - Loyiha Jahon banki hamda Xalqaro taraqqiyot bankining 325 million dollarlik imtiyozli kreditlari, shuningdek, yurtimizdagi tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Uning doirasida 30 dan ortiq sanoat korxonalariga imtiyozli kreditlar berildi. Neft va gaz, tog‘-kon, kimyo, elektr energiyasi, qurilish va qayta ishlash kabi sohalarda 82 ta kichik loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 187 million kub metr tabiiy gaz tejalishi ta’minlandi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.