Paxtasanoat direktorligi uchun 230 ming dollar "to‘ladi"

Ha, bu bor gap. Buni eshitgan kishining xayolidan chet el kinolaridagi syujetlar o‘tishi tabiiy. Chunki yirik miqdordagi pullarning oldi-berdisi, u bilan bog‘liq jinoyatlarni aksariyat hollarda xorij filmlarida ko‘ramiz. Oqdaryolik Jasur Latipov (ism, familiyalar shartli) esa buni real hayotda amalga oshirdi.
U Past Darg‘om tumani, Juma shahrida joylashgan “Juma paxta tozalash zavodi” tovarshunosi Ra’no Nodirova bilan 2006 yilda tanishadi. O‘n yil davomida bir-birining mushkulini oson qilib kelgan ikkovlon xarakterlari, oshna-og‘aynilari haqida keragicha ma’lumotga ega bo‘lib qoladi. Shunday kunlarning birida Jasur R.Nodirovaga “jiddiy” iltimos qiladi.
- “Samarqandpaxtasanoat hududiy filiali” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisligiga o‘tmoqchiman, - deydi u. – “Gaplashing” shu lavozimga joylashish uchun qancha ketsa beraman.
Tabiiyki, bu gapni eshitgandan so‘ng R.Nodirovanig “halovati” yo‘qoladi.
– Kerakli joyda tanishlarim bor, masalani hal qilsa bo‘ladi, – deya Ra’nom J.Latipovning mushkulini oson qilishga kirishadi.
Xursand bo‘lgan Jasur dastlab 30 ming AQSh dollari beradi. Shundan so‘ng tez-tez R.Nodirovadan xabar olib turadi. Oradan bir yil o‘tsada rejalar natija beravermaydi, biroq Jasur ham umidini uzmasdi. Xoli-joniga qo‘ymagan Jasurni tinchlantirish maqsadida Ra’no Toshkentga sim qoqadi.
– Kattalar sal qarshilik qilyapti, bir ilojini topamiz, shoshilmay tursin, – degan javob esa Jasurga yetarli edi. Tabiiyki, u buni o‘z bilganicha tushunadi hamda ishni tezroq bitishi uchun harakatini boshlab yuboradi. Bir necha kundan so‘ng Ra’no Toshkent shahriga borib, Umid Niholov bilan uchrashadi.
– Mijozingni ishi hal bo‘lyapti, – deydi Umid. – Yaqin kunlarda uni chaqirtiradi. Kelgusi yilning boshidan ishiga kirishadi. Faqatgina pullarni to‘liq olib kelsin.
Ko‘p o‘tmay Ra’no yana Toshkentda ko‘rinish beradi. Bu safar u endi Jasur berib yuborgan hujjatlar va pullarni U.Niholov yetkazadi. Jasur Toshkent shahriga suhbatdan o‘tish uchun borib, bir necha kun chaqirib qolishlarini kutib charchaydi.
Tumandagi lavozimini talab darajasida bajarmagan, lavozim majburiyatlariga panja orasidan qarab kelayotagn Jasur egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi. Shu bois Ra’no ikkilasining o‘rtasiga nifoq tushadi. “Endi pullarni qaytarib olish kerak, biroz qo‘rqitib qo‘ysak ishimiz tezlashadi”, degan o‘y bilan Jasur Ra’noning xonadoniga sheriklarini olib boradi.
– Jasur akaning pullarini qachon qaytarasiz, – deydi o‘zini Jonibek deb tanishtirgan yigit. – Sizga bir oy muhlat, pullarni qaytarmasangiz sizga hech kim yordam berolmaydi.
Xullas, yana o‘sha xorijiy kinolardagi syujetlar takrorlanadi. Shu bois, yanvar “bitmagan” ishning xizmat haqqining bir qismi may oyiga kelib Jasurga qaytarib beriladi.
Lavozimni sotib olishga urinish, uning ortidan noqonuniy boylik orttirish hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Jasur bilan shunday bo‘ldi. U “Paxtasanoat” hududiy filiali rahbarligiga erishish uchun “to‘lagan” pulini qaytarib olish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.
Tergov-surishtiruv ishlari davomida uning jinoiy faoliyati yetarli dalillar bilan o‘z isbotini topadi. Sud majlisida unga Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmiga ko‘ra, pora predmeti hisoblangan 230 ming AQSh dollari sudlanuvchi R.Nodirova va U.Niholovlardan solidar tartibda davlat foydasiga undirish belgilandi
T.QODIROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.