Samarqandlik jurnalistlar bayram munosabati bilan taqdirlandi

Avval xabar berganimizdek, Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi “Nurafshon” madaniyat saroyida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ijodkor jurnalistlarni, blogerlarni, axborot xizmati xodimlarini, matbaachilarni bayram bilan tabrikladi.
Bugun hayotimizni ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur eta olmaymiz, - dedi viloyat hokimi. – Aslida shiddatkor davr, zamon taraqqiyoti OAVga hayotimizning ajralmas qismi sifatida qarashni taqozo etadi. Yurtimizdagi pandemiya sharoitida ham barcha axborot uzatish tarmoqlari, gazetalar, teleradiokompaniya, radio va internet nashrlari, mustaqil blogerlar tezkor yangiliklar tarqatishda faol ishtirok etdi. Ularning o‘z halovatidan kechib faoliyat yuritgani e’tiborga loyiq. Jamiyatimizdagi muammo va kamchiliklar siz, jurnalistlarning o‘tkir qalamingiz sabab o‘z yechimini topayapti.
Viloyat hokimi viloyatimizda faoliyat yuritayotgan gazetalarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali axborot yetkazishda faolligini, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda olib borilgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng ommaiy axborot vositalari xodimlarining bir guruhi faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
- Bundan bir asr oldin o‘zbek tilida gazeta chop etilib, milliy jurnalistikamizga tamal toshi qo‘yilgan edi, - dedi Kun.uz sayti muxbiri O‘tkir Jalolxonov. – Bugun uning rivoji, yanada taraqqiy etishi uchun ommaviy axborot vositalari xodimlari har sohada o‘z faolligini ko‘rsatmoqda. Jurnalist nafaqat ommaga tezkor axborot yetkazishi, balki uning xolisligiga ham mas’uliyat bilan yondashishi lozim. Bugungi e’tirof va e’tibor, bizni yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga, xalqimizni qiynayotgan jamiyatimizdagi muammolarga qarshi kurashga va ularga yechim topishga ko‘mak beradi.
Tadbir so‘nggida san’atkorlarimiz tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayromona kayfiyat ulashdi.