Tovar qadog‘i davlat tilida markirovkalanmasa, muvofiqlik sertifikati berilmaydi

2020 yil 1 avgustdan boshlab, ayrim iste’mol tovarlari qadog‘ida ishlab chiqaruvchi tomonidan Davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida markirovka bo‘lmasa, muvofiqlik sertifikati berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 fevraldagi PQ-4594 sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qo‘shimcha kiritildi.
Ma’lumki, tovarlarning “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovarlarni Davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi.
To‘ldirilgan qo‘shimchaga ko‘ra, bunda 2020 yil 1 avgustdan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan iste’mol tovarlarining ayrim turlari (iste’mol qadoqlariga ega bo‘lmagan tovarlardan tashqari) ishlab chiqaruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) markirovka qilinmagan taqdirda, mazkur tovarlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish taqiqlanadi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.