Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Apellyasiya kengashining vazifasi nima? U qanday shakllantiriladi?

Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha Apellyasiya kengashi to‘g‘risidagi nizomga asosan mazkur kengashning tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan ikki yarim yil muddatga tasdiqlanadi hamda kollegial-maslahat organi hisoblanadi.

Apellyasiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuzilishi mumkin. Kengash a’zoligiga amaliy tajribaga va obro‘-e’tiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbar va xodimlari, shuningdek, sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan obro‘li fuqarolar qabul qilinadi. Apellyasiya kengashi jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘radi.

Shuningdek, murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan. U amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda vakolatli idoralar orqali rasmiy sharhlashni tashkillashtiradi. Mabodo, murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar aniqlansa, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritadi. Apellyasiya kengashining vazifalaridan ko‘rinadiki, ushbu tuzilma muayyan bir murojaatni ko‘rib chiqishi orqali davlat organi faoliyatida mavjud tizimli xato va kamchiliklarga barham berish, huquqni qo‘llash amaliyotidagi bo‘shliqlar, ziddiyatli holatlar yoki noto‘g‘ri amaliyotga butkul barham berishi mumkin bo‘ladi.

Adliya vazirligi Apellyasiya kengashi tashkil etilayotgan davlat organlarining bu boradagi faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib boradi hamda tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida ularga yaqindan amaliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashadi.

Xulosa o‘rnida, davlat organlari tizimida jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashlarining tashkil etilishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtiradi, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish orqali sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Muhammadjon SIDDIQOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi.