Apellyasiya kengashi – nizolarni hal etishning yangi mexanizmi
Mamlakatimizda davlat organlari va aholi o‘rtasidagi muloqotni sifat nuqtai nazaridan yangi bosqichga ko‘tarish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning muammolarini hal qilishning zamonaviy mexanizmlarini amaliyotga tatbiq qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 17 iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi islohotlar samaradorligini oshirishda muhim hujjat bo‘ldi.
Mazkur qaror bilan qanday yangiliklar amaliyotga joriy qilinadi? O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taklifiga binoan joriy yilning 1 avgustidan boshlab eksperiment tariqasida Davlat bojxona qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyasiya kengashlari tashkil etiladi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari apellyasiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi o‘rnatiladi. Mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmasligini ta’kidlash lozim.
Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish, murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rish, shuningdek, murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish Apellyasiya kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Abduqahhor MAJIDOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi.