Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Chavqi nihollari” festivalning viloyat bosqichi g‘olibi

Samarqand shahar 3-bolalar musiqa va san’at maktabida folklor san’atini keng targ‘ib qilish orqali yoshlarni milliy qadriyatlarimizdan xabardor qilish, yo‘qolib ketayotgan an’analarimiz va xalq og‘zaki ijodini qayta tiklash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan “Kelajak” folklor festivalining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda festivalning hududiy bosqichida g‘olib bo‘lgan sakkizda jamoa o‘z milliy qadriyatlarini, o‘yinlarini, hunarmandchiligini namoyish etdi.

 - Bobolarimizdan qolgan aytishuvlarda, termalarda, qo‘shiqlarda, milliy o‘yinlarda hikmat bor, - deydi “Chavqi” folklor etnografik jamoasi rahbari Eshbek Normurodov. – Ular nafaqat yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashadi, balki ularni har tomonlama sog‘lom, zukko, topqir bo‘lib kamol topishiga zamin yaratadi. Jamoamiz qoshida tashkil etilgan “Chavqi nihollari” bolalar folklor jamoasi yoshlari ham qiziqishlari tufayli ota-bobolarimizdan qolgan, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan qo‘shiqlarni, termalarni o‘rganib kelmoqda. Bugungi festivalda ham erta bahordan mol-qo‘ylarini adirlarga olib chiqqan bolalarning o‘ziga xos o‘yinlarini, aytishuvlarini kuylashdi. Yo‘qolib ketayotgan podato‘p, chillak, podachi, happak tosh, kim kuchli kabi dehqonchilik o‘yinlarini namoyish etdi.

Festivalda har bir jamoa o‘z tumanining unutilayotgan milliy an’analarini, o‘yinlarini, hunarmandchiligini, cholg‘u asboblarini sahnaga olib chiqdi.

Past Darg‘omning “Charxin g‘unchalari” bolalar folklor jamoasi cho‘ponlarning qadim cholg‘u asboblaridan biri sopolnayni, chanqovuzni, sibizg‘ani, tahron, qo‘maloq kabi milliy o‘yinlarimizni, Urgutning folklor jamoasi erta bahorda tabiat qo‘ynida kuylanadigan dehqonchilik qo‘shiqlarini, umbaloq oshdi, qars-qurs, besh tosh kabi o‘yinlarimizni, Narpayning “Navro‘z” jamoasi esa tumanning tikuvchilik, taroqchilik, taqachilik, to‘qim tikish kabi qadim hunarmandchiligini yodga soldi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, Bulung‘urning “Chavqi nihollari” jamoasi birinchi, Past Darg‘omning “Charxin g‘unchalari” jamoasi ikkinchi, Oqdaryoning “Miyonqol” jamoasi uchinchi o‘ringa munosib topildi.

G‘olib jamoa festivalning respublika bosqichida ishtirok etadi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.