Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyodagi eng yosh davlatlar haqida bilasizmi?

XX asrda Yer yuzida ham, odamlar ongida va aql-idrokida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Ayniqsa, II Jahon urushidan keyin Yer yuzidagi juda ko‘plab xalqlar, elatlar mustamlaka zulmidan qutilib mustaqil bo‘ldilar. Dunyo xaritasida yangidan-yangi davlatlar paydo bo‘ldi.

Ayniqsa, SSSR va uning Sharqiy Yevropadagi ittifoqchisi Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi(YuSFR) parchalanib ketishi ortidan Yer yuzida birdaniga 20 dan ortiq yangi va yosh mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi.

Dunyo xaritasida yangi davlatlarning paydo bo‘lishi shundan keyin ham hanuzgacha to‘xtagani yo‘q. Soha mutaxassislarining taxminiga ko‘ra jarayon yana davom etaveradi va kelajakda turli sabablar tufayli hali yana yosh mustaqil davlatlar paydo bo‘laveradi.

Qo‘yida, Yer shari xaritasida eng oxirgi bo‘lib paydo bo‘lgan yosh davlatlar ro‘yxati.

Marhamat, ular haqida siz ham bilib qo‘ying.

  1. Janubiy Sudan

2011 yilda mustaqil bo‘ldi.

Janubiy Sudan mustaqil bo‘lguncha Sudan tarkibida edi. Bu hududda uzoq yillar fuqarolar urushi va markaziy hokimiyatga qarshi separatistik harakat davom etdi. Sudan hukumati oxir-oqibat Janubiy Sudanni ajratib yubordi. Separatistlar o‘z maqsadiga yetib, mustaqil bo‘lganiga qaramay, bu hudud hanuz notinch bo‘lib qolayapti.

  1. Kosovo

2008 yilda mustaqil bo‘ldi.

Kosovo aholisini etnik musulmon albanlar tashkil etadi. Bu hudud  uzoq yillar Serbiya qo‘l ostida bo‘lgan va oxir-oqibat qurolli to‘qnashuvlar ortidan o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Kosovo hozircha BMTga a’zo emas. Uning mustaqilligini dunyoning 120dan oshiq davlat tan olgan

  1. Chernogoriya

2006 yilda mustaqil bo‘lgan.

1992 yilda Yugoslaviya parchalib ketib, uning tarkibida bo‘lgan ittifoqdosh respublikalar o‘z mustaqilliklarini e’lon qildilar. Ittifoqdosh respublikalardan biri bo‘lgan Chernogoriya o‘shanda Serbiya bilan birgalikda Yugoslaviya tarkibida qoldi.  2006 yilda Serbiya bilan kelishib, har ikkalasi alohida davlatlarga aylanishdi.

  1. Serbiya

2006 yilda mustaqil bo‘lgan.

  1. Sharqiy Timor

2002 yilda mustaqil bo‘lgan.

Sharqiy Timor 2002 yilgacha Indoneziya tarkibida edi. Uzoq yillar davomida mustaqillik uchun kurashdan so‘ng, oxir-oqibat Indoneziya xalqaro tashkilotlar bosimi ostida bu hududni mustaqil bo‘lishiga rozi bo‘ldi.

Bugungi kunda Timor orolining g‘arbiy qismi Indoneziya tarkibida, sharqiy qismi Sharqiy Timor nomi bilan alohida mustaqil davlat hisoblanadi.

  1. Palau

1994 yilda mustaqil bo‘lgan.

Mikroneziya tarkibida bo‘lgan Palau 1993 yilda referendum o‘tkazib, 1994 yilda mustaqil bo‘ldi.

  1. Eritreya

1993 yilda mustaqil bo‘lgan.

Eritreya 1993 yilgacha Efiopiyaning bir viloyati edi. Bu yerda ham uzoq yillar mustaqillik uchun qurolli kurash bo‘ldi. Oxir-oqibat Efiopiya Eritreyaning mustaqil bo‘lib chiqishiga rozi bo‘ldi.

  1. Chexiya

1993 yilda mustaqil bo‘lgan.

1993 yilgacha bu davlat Slovakiya bilan birgalikda Chexoslovakiya ittifoqi tarkibida edi. 1993 yilda har ikki davlat tinch muzokaralar yo‘li bilan ikkiga ajralish haqida kelishdilar va Yevropada Chexoslovakiya o‘rnida ikkita mustaqil davlat paydo bo‘ldi.

  1. Slovakiya

1993 yilda mustaqil bo‘lgan.

Internet materiallari

asosida tayyorlandi.